Raisiyning jasadini Erdo‘g‘anning kuyovi chiqarayotgan dron topgani aniqlandi
Olam
−
21 may
18992Eron hukumati Sharqiy Ozarbayjon viloyatida halokatga uchragan respublika Prezidenti Ibrohim Raisiy bo‘lgan vertolyotni qidirishda ishtirok etgan Turkiyaning Akıncı dronidan real vaqt rejimida ma’lumotlarni oldi. Bu haqda dron ishlab chiqaruvchi Turkiyaning Baykar kompaniyasi rahbari – Prezident Erdo‘g‘anning kuyovi Selchuk Bayroqdor ma’lum qildi.
“Eronning iltimosiga binoan Turkiya qidiruv-qutqaruv operatsiyasi uchun tungi ko‘rish uskunasi bilan jihozlangan Akıncı uchuvchisiz samolyot va Cougar vertolyotini yubordi. Qidiruv guruhlari qidiruv hududida Turksat sun’iy yo‘ldoshi orqali boshqarildi, Eron rasmiylari undan real vaqt rejimida ma’lumot oldi”, deydi Bayroqdor “CNN Türk” telekanaliga bergan intervyusida.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Ozarbayjondagi Akıncı texnik yordam markazi xodimlari favqulodda vaziyatda harakat qilishga tayyor holda bo‘lgan. Qidiruv ishlari o‘ta noqulay ob-havo sharoitida, ba’zan shamol tezligi 160 km/soatga yetgan sharoitda o‘tkazilgan. Shunga qaramay, dron suratga olish va Turkiya Qurolli kuchlari qo‘mondonligi va Eron rasmiylariga yetkazish uchun taxminan 100 metr balandlikkacha pastlay olgan.
Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishidan so‘ng xalqqa murojaat qilib, avvalroq Akıncı’ning 7 yarim soat davomida qidiruv faoliyatida qatnashganini, jami 2,1 ming km masofani bosib o‘tganini aytdi.
“TRT Haber” telekanaliga ko‘ra, 19 may kuni mahalliy vaqt bilan soat 20:00 da Eron Turkiyadan Raisiyning vertolyotini topishda yordam so‘ragan. Turkiya Prezidenti ma’muriyatidan soat 22:20 da uchuvchisiz samolyotni boshqarishga ruxsat berilgan, dron soat 23:30 da respublika janubi-sharqidagi Batman harbiy bazasidan havoga ko‘tarilgan. Soat 00:45 da dron favqulodda holat hududiga yetib keldi, vertolyot esa soat 02:36 da aniqlandi. Soat 06:45 da dron Turkiyaga qaytdi.
19 may kuni Eronning Sharqiy Ozarbayjon viloyatida Eron Prezidenti o‘tirgan vertolyot halokatga uchradi. Unda mamlakat Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon, Sharqiy Ozarbayjon viloyati hokimi Malik Rahmati va Tabriz shahrining imomi Muhammad Ali Ale Hoshem ham bo‘lgan. Eron Qizil yarim oy jamiyati rahbari Pir Husayn Kolivandning aytishicha, halokatda vertolyotning barcha yo‘lovchilari va ekipaj a’zolari halok bo‘lgan. Eron vitse-prezidenti Mohsin Mansuriy prezident va unga hamrohlik qilayotganlarning o‘limi haqidagi xabarlarni tasdiqladi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Eronning amaldagi vitse-prezidenti Muhammad Moxber vaqtinchalik Eron Prezidenti bo‘lishi ma’lum qilingandi. Eron Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ali Bageri Kani esa sobiq tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon vafotidan keyin vaqtinchalik tashqi ishlar vaziri vazifani bajaruvchi etib tayinlandi. Mamlakat parlamenti Ichki ishlar qo‘mitasi raisi Muhammad Solih Jokar Eronda navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari kelasi 50 kun ichida bo‘lib o‘tishi kerakligini aytdi. Eron oliy diniy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy Prezident Ibrohim Raisiy va uning hamrohlari vertolyot halokatida vafot etgani munosabati bilan 5 kunlik motam e’lon qildi. Marhumlar bilan vidolashuv marosimi ertaga, 21 may kuni Tabriz shahrida bo‘lib o‘tishi bildirildi.
LiveBarchasi