MIDWEEK: Saudiyada Ukrainaga xiyonat qilindimi? Bayroqdor Erdo‘g‘anning merosxo‘ri bo‘la oladimi?

Tahlil

Myunxendagi konferensiyada NATOga kirishdan deyarli umid uzgan Zelenskiy xavfsizlik kafolati izlab Turkiya tomon yo‘lga chiqdi. U tashrif buyurgan Anqaradan 2 ming km uzoqlikda joylashgan Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyodda usiz Ukraina taqdiriga oid ba’zi umumiy masalalar haqida “og‘ir vaznli shaxslar” o‘rtasida bir necha soatlik muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Argentinaning shoumen Prezidenti, sobiq tik-toker Xaver Miley sharmandali firibgarlikda ayblanmoqda.

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning kuyovi, tadbirkor va mashhur uchuvchisiz dronlar muallifi Selchuk Bayroqdor Turkiyaning eng boy 15 nafar milliarderi safiga kirdi.

“Tokenchi” Prezident

Prezidentlik o‘rindig‘iga TikTok platformasidan kelgan Argentina rahbari ultra-populist Xaver asr firibgarligida ayblanmoqda. Gap shundaki, Xaver Miley Libra nomli memkoin mojarosida asosiy ishtirokchi sifatida turli xil tushunmovchiliklarga sabab bo‘ldi. Voqea esa quyidagicha sodir bo‘lgan. U o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ushbu kriptovalyutani reklama qilgan. Prezident maqomida bu ishni qilish umuman noodatiy tuyulishi tabiiy, ammo Argentinaning amaldagi prezidenti haqida ozmuncha ma’lumotga ega insonlar uchun bu hayratlanarli emas. Libra nomli memkoin ishi esa hammasidan oshib tushdi. Harakatlar juda shubhaliligi ko‘rinib turibdi. Miley u haqda ijtimoiy tarmoqda post joylagandan so‘ng o‘z-o‘zidan reklama qilgandan so‘ng, Libra narxi keskin ko‘tarilib, kapitalizatsiyasi 4,5 milliard dollarga yetgan. Biroq oradan ko‘p o‘tmay, atigi uch soat ichida ushbu kriptovalyuta to‘satdan 95 foizgacha pastlagan. Chunki insayderlar bu tokenni katta miqdorda sotishni boshlashgan. Tabiiyki, bu jarayonda memkoinlarni sotib olganlar uning narxi qulagandan so‘ng, shunchaki kasodga uchraydi. Shu sababli mazkur voqealardan so‘ng, Argentina parlamentidagi muxolifat vakili Leandro Santoro ushbu mojaroni “xalqaro miqyosda sharmanda qiluvchi” voqea deb atab, prezidentga nisbatan impichment jarayonini boshlash talabini ilgari surgan. Bundan tashqari, yuristlar Mileyga qarshi sudga da’vo arizasi kiritgan. Prezident esa loyihaga hech qanday aloqasi yo‘qligini ta’kidlagan. Miley ushbu memkoinni targ‘ib qilgan postini allaqachon o‘chirib yuborgan. Mahalliy ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, ushbu post 14 fevral kuni bir necha soat davomida ijtimoiy tarmoqda turgan. Postda Libra loyihasining Argentinadagi iqtisodiy o‘sishga hissa qo‘shishi aytilgan bo‘lib, unda loyiha veb-sayti va hattoki token shartnoma manziliga havola ham joylashtirilgani aytiladi. Ammo bu post qisqa vaqt ichida o‘chirilib, bir necha soatdan so‘ng Miley yangi post e’lon qilgan. Unda prezident bu loyihaga aloqasi yo‘qligini ta’kidlab, nega reklama postini o‘chirishga qaror qilganini tushuntirgan.

“Men bu loyiha tafsilotlaridan bexabar edim. Keyinroq bilganimda uni ommaga targ‘ib qilishdan voz kechishga qaror qildim”, deydi u.

To‘g‘ri, hozircha Mileyga qo‘yilgan ayblov o‘z isbotini topganicha yo‘q. Ammo bordi-yu bu isbotlangudek bo‘lsa, Argentinaning amaldagi prezidenti mazkur mojarodagi roli bilan XX asrning eng qallob firibgari, Eyfelni “sotishga” erishgan va hatto dunyodagi eng qudratli gangster Al Kaponeni ham aldashga muvaffaq bo‘lgan Viktor Lyustigdan ham o‘tuvchi firibgarga aylanadi.

Shunchaki kuyov emas – Bayroqdor marralarni zabt etmoqda

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning kuyovi, Baykar Teknoloji kompaniyasining egasi Selchuk Bayroqdor “Forbes”ning Turkiyadagi eng boy odamlari bo‘yicha tuzilgan reytingida 15- o‘rinni egalladi. Uning akasi Haluk Bayroqdor ham kuchli yigirmatalikdan joy olgan. Raqamlar aka-ukaning kapitali so‘nggi bir necha yil ichida keskin ko‘tarilganini ko‘rsatadi. Xususan, o‘zlariga tegishli bo‘lgan Baykar kompaniyasi aksiyalarining 52,5 foiziga egalik qiluvchi Selchuk Bayroqdorning boyligi 1,2 milliard dollardan 1,8 milliard dollargacha ko‘tarilgan bo‘lsa, kompaniya aksiyalarining 47,5 foiziga egalik qiluvchi akasi, Haluk Bayroqdorning boyligi 1,1 milliard dollardan 1,6 milliard dollarga oshgan. So‘nggi yillarda mudofaa sanoatidagi strategik investitsiyalar va ishlab chiqarishning ortishi Baykar Teknoloji qiymatining qat’iy ravishda oshishiga sabab bo‘ldi. Bayraktar TB2 va AKINCI kabi mahsulotlarini butun dunyoga pullayotgan mazkur kompaniya global bozor ulushini kengaytirishda davom etmoqda. Bu jarayon, ayniqsa, dronlarning Qorabog‘dagi urushda Ozarbayjon tomonida turib xizmat ko‘rsatgani va Rossiyaning Ukrainaga bosqini davomida Kiyevga ma’lum ma’noda qalqon bo‘lganidan so‘ng ancha kuchaydi deyish mumkin. Qorabog‘ va Ukrainadagi mojaroda o‘zini ko‘rsatgan dronlarga xalqaro miqyosda e’tibor yetarlicha ortdi. Bu esa o‘z-o‘zidan aka-ukalar boyligining oshishiga katta hissa qo‘shdi. So‘nggi yillarda aka-ukalarning “Forbes” jurnalida “katta sakrashlar” amalga oshirgani buning isbotidir. Masalan, kompaniyaning direktorlar kengashi boshqaruvchisi va texnik direktori vazifasidagi Selchuk Bayroqdor 2024 yilda “Forbes”da qayd etgan 2410-o‘rnidan joriy yilda 535 pog‘ona yuqorilab, 1875-o‘rinni egalladi. Bosh direktor lavozimidagi akasi Haluk esa 2545-o‘rindan 508 pog‘ona oldinlagan holda 2037-o‘rinni band qilgan.

Baykar’ning o‘ziga to‘xtaladigan bo‘lsak, kompaniyaga 1984 yilda Selchuk va Halukning otasi, o‘z davrining Turkiya uchun muhim shaxslaridan biri bo‘lgan O‘zdemir Bayroqdor tomonidan asos solingan. Ammo bu yerda ko‘p yillar davomida faqat Turkiya avtomobil sanoati uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarilgan. 2000 yillarga kelib esa kompaniya dronlarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan. Baykar’ning xorijda talab katta bo‘lgan eng mashhur mahsuloti Bayraktar dronidir. 2023 yilda Baykar Yevropa, Afrika va Yaqin Sharqdagi qator hamkorlar bilan tuzilgan shartnomalar tufayli eng yirik mudofaa yetkazib beruvchiga aylandi. Albatta, kompaniyaning bunday muvaffaqiyatini Selchukning Erdo‘g‘anga kuyov ekani bilan boshlash noto‘g‘ri. To‘g‘ri, o‘rtadagi aloqalar juda chuqur ildiz otgan. Masalan, Turkiyadagi eng mashhur jamoat arboblaridan biri bo‘lgan Bayroqdorning otasi O‘zdemir Bayroqdor bolaligidan Erdo‘g‘an bilan tanish bo‘lgan. 2016 yilda esa Selchuk otasining do‘sti, amaldagi Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning kenja qizi Sumayya Erdo‘g‘anga uylangan. Ammo Selchukning hayoti va erishgan marralari bu omillar uning muvaffaqiyatida katta rol o‘ynamagan degan xulosaga yetaklaydi. Masalan, 45 yoshli tadbirkorning oliy ta’limdagi yo‘li istalgan talabaning havasini keltiradi. 2002 yilda Istanbul texnika universitetini tamomlagan Selchuk, keyinchalik Pensilvaniya universiteti va Massachusets texnologiya institutida magistrlik, Jorjiya texnologiya institutida esa doktorlik darajasiga ega chiqqan. U 2014 yilda Turkiyaning ilk milliy droni – Bayraktar TB2’ni ishlab chiqqan guruhni boshqardi. Bu dronlar esa bugun dunyoning o‘nlab mamlakatlariga eksport qilinmoqda. Bundan tashqari, u yana bir qator mukofotlarga loyiq ko‘rilishga ham ulgurdi. Jumladan, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev uni 2021 yilda Qorabog‘ ordeni bilan, 2022 yilda Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy 3-darajali “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlagandi.

So‘nggi yillarda yaxshigina progress namoyish qilayotgan Selchuk Bayroqdor atrofida oxirgi paytlarda turli-xil gap-so‘zlar tarqaldi. Uni Erdo‘g‘anga voris sifatida ko‘rayotganlar soni kundan kunga oshib bormoqda. O‘tgan yil “The Wall Street Journal” nashri Selchuk Bayroqdor keyingi saylovlarda Turkiya prezidentligiga o‘z nomzodini qo‘yishi mumkinligi haqida yozgandi. Unga ko‘ra, Selchukning tarafdorlari tadbirkorni Turkiya prezidentligiga nomzod qilib ko‘rsatishni ko‘rib chiqqan. Turkiya siyosati bo‘yicha ekspertlar ham WSJ nashriga Bayroqdor keyingi prezident bo‘lishi mumkinligini inkor qilmagan. Selchukning o‘zi esa xuddi shu nashrga 2023 yilda bergan intervyusida siyosat bilan shug‘ullanish niyati yo‘qligini, biroq Turkiya Prezidenti lavozimiga nomzodini qo‘yishi mumkinligini aytgan. Rajab Toyib Erdo‘g‘an esa uzoq yillik hokimiyatdan so‘ng, 2028 yilda o‘tkaziladigan keyingi prezidentlik saylovida ishtirok etmasligini ma’lum qilgan. Ammo uning “Turkiya xalqi bilan bozorgacha emas, balki mozorgacha birga bo‘lish” va’dasiga ko‘ra Erdo‘g‘an yaqin yillarda Turkiya siyosatidan ketmasligini taxmin qilish mumkin. Unda boshqaruvda qolish uchun ba’zi navbatchi usullar bor. Shulardan pichoqqa ilinadigani, Turkiyani parlamentar respublikaga aylantirish va Bosh vazir sifatida mamlakatni idora qilishda davom etishdir. Ammo kuyovi Selchuk Bayroqdorning davomli muvaffaqiyatlari va aholi orasidagi va dunyodagi obro‘yi shu tezlikda davom etsa, Erdo‘g‘anda yuqorida aytilgan ma’muriy qadamlarni tashlashga hojat qolmasligi mumkin.

Shoshilayotgan Zelenskiy

AQSH vitse-prezidenti J.D. Vens chiqish qilgan va Yevropani bir lahzaga karaxt ahvolga solib qo‘ygan Myunxen konferensiyasi tugashi bilanoq, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy 16 fevral kuni rasmiy tashrif bilan Birlashgan Arab Amirliklariga bordi. Tashrifdan asosiy maqsad asirlar almashinuvini yanada ko‘paytirish ekani aytildi. Chunki Ukrainaga bosqin boshlangandan buyon aynan Birlashgan Arab Amirliklari asirlar almashinuvi jarayonida Kiyev va Moskva o‘rtasida vositachilik qilib kelmoqda. Masalan, 5 fevral kuni ham BAA vositachiligida Ukraina va Rossiya orasida 150 ga 150 formatida asirlar almashinuvi bo‘lib o‘tdi. BAAdagi tashrifdan so‘ng Zelenskiy shu masalada yana bir muhim vositachi Turkiyaga ham bordi. 18 fevral kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyni Anqaradagi prezidentlik saroyida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an kutib oldi. Ushbu tashrifdan asosiy maqsad – yuqorida aytilganidek asirlikda qolayotgan ukrainalik askarlarni o‘z uyiga qaytarishni jadallashtirish va bunga qo‘shimcha tarzda oziq-ovqat xavfsizligi muammolarini hal etishdan iborat ekani aytildi. Mamlakatlarning birinchi xonimlari Yelena Zelenskaya va Emina Erdo‘g‘anlarning o‘zaro uchrashuvida ham asosiy masala gumanitar yordamga qaratilgan. Ammo Vladimir Zelenskiyning Turkiyaga tashrifdan muddaosi faqat bular emasligi ma’lum bo‘ldi. U Turkiyadan o‘zining eng yaqin ittifoqchisi bo‘lgan YeIdan so‘ragan yordami, xususan xavfsizlik kafolatini istamoqda. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina butun Yevropa, Qo‘shma Shtatlar va Turkiyadan xavfsizlik kafolatlari berilishini kutmoqda. 

Umuman olganda, so‘nggi kunlarda Zelenskiy uchun ma’lum doiradagi mamlakatlar tomonidangina taklif qilinishi mumkin bo‘lgan xavfsizlik kafolatlaridan o‘zga chora yo‘qdek ko‘rinmoqda. Myunxenda NATO Bosh kotibi Mark Ryutte Kiyevning alyansga qo‘shilish ehtimollarini keskin tushirib yuborgandan so‘ng, Zelenskiy boshqa choralar ko‘rishga majbur. Ukraina Prezidenti NATOsiz xavfsizlik kafolatlarini nazarda tutganda esa Isroilga berilayotgan xavfsizlik kafolatlariga o‘xshash himoya mexanizmlarini nazarda tutmoqda. U 17 fevral kuni NBC telekanalida namoyish etilgan intervyusida Eron va Isroil ziddiyati misolida bu masalaga alohida to‘xtalib o‘tdi. Zelenskiyga ko‘ra, o‘tgan yili Eron tomonidan Isroilga uyushtirilgan raketa hujumida AQSH, Fransiya, Buyuk Britaniya va boshqa davlatlar, hatto Iordaniya ham o‘z havo hujumiga qarshi mudofaa kuchlari bilan Isroilni himoya qilishga kirishgan edi va Ukrainaga ham xuddi shunday modeldagi himoya kerak.

“Bizga nima kerak? Biz aniq qanday ishlashini bilmaymiz, lekin Eron Isroilga hujum qilganida AQSH, Fransiya, Buyuk Britaniya va boshqa ittifoqchilar – hatto Iordaniya ham o‘z havo mudofaa tizimlari bilan Isroil xalqini himoya qilishga kirishdi. Isroil NATO a’zosi emas, ammo shunga qaramay bu davlatlar uning yonida turdi. Ular eronliklarning raketalarini yo‘q qilishdi. Bu, albatta, yaxshi holat. Menimcha, Ukrainaga ham xuddi shunday kafolatlar zarur va bu imkon qadar tezroq amalga oshishi kerak”, deydi u.

Xavfsizlik kafolatlari haqida gap ketar ekan, Zelenskiy avvalroq, Myunxen konferensiyasida NATOga qo‘shilish variantining muqobili sifatida NATO qurollari va 1.5 millionlik armiyani taklif qilgandi. U shuncha miqdordagi qo‘shingina Ukraina himoyasi uchun yetarli bo‘ladi deb hisoblaydi. Avvalroq esa, “Associated Press” nashri Yevropaning bir qancha davlatlari Ukrainaga qo‘shin yuborish rejasi ustida yashirincha ishlayotgani haqida xabar bergandi. Nashrga ko‘ra, yevropaliklar bu variantni taxminan bir yil avval ko‘rib chiqishni boshlagan. Muhokamalardagi eng faol davlatlar esa Britaniya va Fransiya bo‘lgani aytiladi. Bu jarayonning tezlashishiga AQSHning yangi ma’muriyati uchun xavfsizlik masalasi umuman boshqacha ma’no kasb etayotgani asosiy sabab sifatida keltiriladi. Ammo nashrning qo‘shimcha qilishicha, reja tafsilotlari noma’lumligicha qolgan.

Ukrainaga yuborilishi ko‘zda tutilgan Yevropa kontingentining hajmi bo‘lajak tinchlik shartnomasi shartlariga bog‘liq ekani aytiladi. Ommaviy axborot vositalari esa bu kuchlar 30-40 mingga yaqin askarni o‘z ichiga olishini taxmin qilmoqda. Ammo Yevropa rasmiylari bu raqamlarni tasdiqlamagan. Biroq Yevropa miqyosida barcha bir yoqadan bosh chiqarib, xavfsizlik kafolati sifatida Ukrainada o‘z qo‘shinlarini joylashtirishi imkonsiz ekanini ham eslatib o‘tish lozim. Chunki allaqachon Polsha o‘z kun tartibida bunday reja yo‘qligini ma’lum qildi. Biroq shunday bo‘lsa-da, Buyuk Britaniya va Shvetsiya Ukrainaga tinchlikparvar kuchlarini yuborishga tayyor ekanini e’lon qildi.

“Og‘ir vazn toifalari” o‘rtasidagi uchrashuv

Zelenskiy Turkiyada bo‘lib turgan paytda, parallel tarzda Saudiya Arabistonida AQSH va Rossiya vakillarining rasmiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Ikki mamlakatning bosh diplomatlari Marko Rubio va Sergey Lavrov boshchiligidagi uchrashuvda, shuningdek, Rossiya Prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakov, to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi rahbari Kirill Dmitriyev, AQSHdan esa Prezidentning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Maykl Uolts va Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakil Stiv Uitkoff ishtirok etdi. Bu uchrashuv YeI va Ukrainasiz o‘tdi. Aniqrog‘i, ular bu uchrashuvga taklif qilinmadi. Saudiyada Ukraina masalasida AQSH va Rossiya o‘rtasida muzokaralar bo‘lishi haqida xabar tarqalgach va bu o‘z tasdig‘ini topishi bilanoq Trampning bu tashabbusiga keskin reaksiyalar bildirildi. Ko‘plab tanqidlar qatorida, Zelenskiy Ar-Riyoddagi muzokaralarning biror bir natijasi Ukraina tomonidan tan olinmasligi, umuman Ukraina taqdiri ustida rasmiy Kiyevsiz o‘tadigan har qanday kelishuv tan olinmasligini bir necha bor ta’kidladi. Shundan so‘ng Davlat departamenti matbuot kotibi Temmi Bryus Ar-Riyoddagi uchrashuv Ukraina bo‘yicha muzokaralarning starti emas, balki faqatgina AQSH va Rossiya Prezidentlari Donald Tramp va Vladimir Putin o‘rtasidagi telefon suhbatining davomi ekanligini aytdi. Va shu tariqa Ar-Riyodda Yevropa va Ukraina taklif qilinmagan va bu orqali ko‘pchilikni hayratlantirgan uchrashuv boshlandi. Uchrashuv tafsilotlari esa uning afishasidan qolishmadi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Jumladan, yuqorida Rossiya delegatsiyasi tarkibidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi rahbari Kirill Dmitriyev nomi bekorga tilga olinmadi. To‘g‘rirog‘i, u AQSH-Rossiya muzokaralarida bekorga ishtirok etmagani ma’lum bo‘ldi. U ikki tomonlama muzokaralar boshlanishidan oldin Amerika neft kompaniyalari Rossiyaga qaytishi mumkinligi, Kreml ham AQSH bilan Arktikadagi qo‘shma loyihalardan manfaatdor ekani haqida qator rus OAVga ma’lum qilgan.

“Biz ular qachondir qaytib kelishlariga ishonamiz, chunki nega ular Rossiya bergan tabiiy resurslarga kirish imkoniyatidan voz kechishdi?” dedi Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi rahbari.

Dmitriyevning so‘zlariga ko‘ra, Amerika kompaniyalari Rossiyaga kiritilgan sanksiyalardan 300 milliard yevroga yaqin zarar ko‘rgan va AQSHning sobiq prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Rossiya iqtisodiyotining ahvoli haqida “ko‘plab noto‘g‘ri xabarlar bergan”. “The Moscow Times” nashri esa Dmitriyevning bu fikridan so‘ng qator ma’lumotlarni jamladi. Unga ko‘ra, Ukrainaga to‘liq miqyosda bostirib kirishdan oldin Rossiya Federatsiyasida faqat bitta yirik Amerika kompaniyasi neft qazib olish bilan shug‘ullangan. Bu ham bo‘lsa, “Saxalin-1” loyihasida 30 foiz ulushga egalik qilgan Exxon Mobil’dir. Sanksiyalar kiritilgandan so‘ng kompaniya loyihadan chiqishini e’lon qilgan, biroq o‘z ulushini sota olmagan. Chunki Kreml bu muddatni oxirgi marta 2026 yil oxirigacha uzaytirgandi. 2022 yilda Ukrainaga qarshi urush boshlanganidan so‘ng Amerikaning yana bir qancha yirik neft konlari xizmatlari kompaniyalari – Halliburton, Schlumberger va Baker Hughes Rossiya bozoridan chiqib ketishlarini e’lon qildi. Aynan ularning yordami bilan Rossiya Federatsiyasi SSSRning so‘nggi yillarida ishlab chiqarish qulaganidan keyin neft qazib olishni tiklashga muvaffaq bo‘lgandi. Shu bois Putin 2025 yilga borib uglevodorodlarni burg‘ilash va qidirish bo‘yicha mahalliy texnologiyalar ulushini 80 foizga yetkazishni talab qildi. Biroq “The Moscow Times” bunday uskunalarning yarmidan ko‘pi hali ham Rossiya Federatsiyasiga “nodo‘stona” mamlakatlardan yetkazib berilishini alohida eslatib o‘tgan.

Muzokaralarning Ukrainaga bog‘liq qismiga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu haqda ko‘p gap-so‘zga o‘rin yo‘qdek. Xususan, Yuriy Ushakov muzokaralar muvaffaqiyatli o‘tganini va tomonlar kelgusida bir-birining manfaatlarini hisobga olishga kelishib olganini bildirdi. Muzokaralar doirasida tomonlar Ukraina masalasiga ham to‘xtalib o‘tgan. Shuningdek, delegatsiyalar Rossiya va AQSH rahbarlari Vladimir Putin va Donald Trampning uchrashuvini ham muhokama qilgan. Biroq Rossiya Prezidenti yordamchisi Rossiya va AQSH pozitsiyalari yaqinlashishi haqida gapirishga hali erta ekanligini aytib, “hozircha yaqinlashib bormoqda, deyish qiyin, biroq bu haqda gap bo‘ldi”, deya tafsilotlarga qisqacha ishora bergan Yuriy Ushakov. Tomonlar Ukraina masalasida bir-birining manfaatlarini hisobga olishga kelishgani, pozitsiyalarning yaqinlashuvi? Bu nimani anglatadi? Nahotki, Tramp ma’muriyatida 3 yildan buyon o‘ziga qo‘shni bo‘lgan mamlakatning suvereniteti va hududiy yaxlitligini buzayotgan mamlakatga nisbatan biror bir e’tiroz yoki jiddiy talab yo‘qmi? Yoki 2016 yilgi AQSH prezidentlik saylovlarida rostdan ham aslida Xillari Klinton g‘olib bo‘lganmidi?


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Turkiya Vladimir Putin Donal'd Tramp Rajab Toyib Erdo'g'an Ukraina Birlashgan Arab Amirliklari Vladimir Zelenskiy Sergey Lavrov Argentina Libra Selchuk Bayroqdor Xav'er Miley Yuriy Ushakov Marko Rubio Stiv Uitkoff

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing