Raisiy Dushanbega keldi
Olam
−
08 noyabr 2023
5672Bugun, 8 noyabr kuni Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy rasmiy tashrif bilan Tojikistonga keldi. Bu haqda “Xovar” axborot agentligi xabar berdi.
Dushanbe xalqaro aeroportida Eron Prezidentini Tojikiston parlamenti raisi Mahmadtoir Zokirzoda va boshqa rasmiy shaxslar kutib olgan.
Ibrohim Raisiy tashrifi doirasida Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon bilan oliy darajadagi uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazadi hamda Tojikiston va Eron tadbirkorlari forumida ishtirok etadi. Muzokaralarda savdo-iqtisodiy sohadagi hamkorlik, shuningdek, xalqaro vaziyat, xususan, G‘azo sektoridagi masalalar muhokama qilinadi.
Qayd etish joizki, bu Ibrohim Raisiyning prezident etib saylanganidan keyin Tojikistonga ikkinchi tashrifidir. O‘tgan yili Imomali Rahmon bir necha yil ichida ilk bor Eronga rasmiy tashrif bilan borgan.
Eron va Afg‘oniston bo‘yicha ekspert Qosim Bekmuhammadning aytishicha, Eron Tojikiston uchun ham, Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari uchun ham erkin suvlarga chiqishning eng muhim yo‘llaridan biridir
“Chobahor porti mintaqamiz uchun eng qulay yo‘nalishdir. Ushbu okean portida qurilish va sarmoyaviy ishlar jadal sur’atlar bilan olib borilmoqda. Xorijiy davlatlar Chobaharga katta qiziqish bildirmoqda, Tojikiston esa tezroq uning qirg‘og‘idan omborxona qurish va boshqa imkoniyatlarni ko‘zlagan holda bir parcha yer topish choralarini ko‘rishi kerak”, deydi ekspert.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Raisiy va Rahmon bir necha sohalarda hamkorlikka oid hujjatlarni imzolaganidan so‘ng, Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining Toshkentdagi sammitida ishtirok etish uchun birga O‘zbekistonga kelishi aytilgandi.
LiveBarchasi