Raisiy bilan vidolashuv marosimida O‘zbekistondan kim qatnashishi aytildi
Olam
−
21 may
21678Ertaga, 22 may kuni Eron poytaxti Tehron shahrida Prezident Ibrohim Raisiy bilan vidolashuv marosimi bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etadi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
“Delegatsiyamizga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov boshchilik qiladi”, deb yozgan Asadov o‘zining Telegram-kanalida.
Avvalroq, aviahalokatda halok bo‘lgan Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy va uning hamrohlarini dafn etish marosimi 23 may kuni kechqurun mamlakat shimoli-sharqidagi ona shahri Mashhadda bo‘lib o‘tishi haqida xabar bergan edik.
19 may kuni Eronning Sharqiy Ozarbayjon viloyatida Eron Prezidenti o‘tirgan vertolyot halokatga uchradi. Unda mamlakat Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon, Sharqiy Ozarbayjon viloyati hokimi Malik Rahmati va Tabriz shahrining imomi Muhammad Ali Ale Hoshem ham bo‘lgan. Eron Qizil yarim oy jamiyati rahbari Pir Husayn Kolivandning aytishicha, halokatda vertolyotning barcha yo‘lovchilari va ekipaj a’zolari halok bo‘lgan. Eron vitse-prezidenti Mohsin Mansuriy prezident va unga hamrohlik qilayotganlarning o‘limi haqidagi xabarlarni tasdiqladi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Eronning amaldagi vitse-prezidenti Muhammad Moxber vaqtinchalik Eron Prezidenti bo‘lishi ma’lum qilingandi. Eron Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ali Bageri Kani esa sobiq tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon vafotidan keyin vaqtinchalik tashqi ishlar vaziri vazifani bajaruvchi etib tayinlandi. Mamlakat parlamenti Ichki ishlar qo‘mitasi raisi Muhammad Solih Jokar Eronda navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari kelasi 50 kun ichida bo‘lib o‘tishi kerakligini aytdi. Eron oliy diniy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy Prezident Ibrohim Raisiy va uning hamrohlari vertolyot halokatida vafot etgani munosabati bilan 5 kunlik motam e’lon qildi. Marhumlar bilan vidolashuv marosimi ertaga, 21 may kuni Tabriz shahrida bo‘lib o‘tishi bildirildi.