Ra’no Yarasheva va Dilnoza Kubayeva Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan artist unvoni bilan taqdirlandi
Madaniyat-san’at
−
16 noyabr 2022
16819Kecha, 15 noyabr kuni bir guruh teatr aktyorlari Qoraqalpog‘iston Respublikasining yuksak mukofotlari bilan taqdirlandi.
Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesining qarori bilan O‘zbekiston xalq artisti, Turkmanistonda xizmat ko‘rsatgan artist Mirzagul Sapayeva 60 yoshni qarshi olgani munosabati bilan tashkil etilgan yubiley kechasida “Qoraqalpog‘iston xalq artisti” yuksak unvoni bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston Milliy akademik drama teatri aktyorlari – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Hojiakbar Komilov va Ra’no Yarasheva hamda aktrisa Dilnoza Kubayeva “Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan artist” unvoni bilan taqdirlandi.
Shuningdek, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatri vokal artistlari – Gulsara Jumaniyazova, Suluxan Ganiyeva va Kupjursin Allanazarovlar “Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan artist” unvoni bilan taqdirlandi.
QALAMPIR.UZ muxbiri mukofotlanganlar Ra’no Yarasheva va Dilnoza Kubayeva bilan bog‘lanib, ularning taassurotlarini so‘radi.
“Men Qoraqalpog‘iston Respublikasining hamma tumanlarida bo‘lganman, ma’naviyat va targ‘ibot tadbirlarida, xalqimiz bilan uchrashuvlarda ishtirok etganman. Qilgan mehnatlarimiz inobatga olinar ekan. Bir necha bor Qoraqalpog‘istonlik hamkasblarimiz bilan birgalikda spektakllar namoyish etganmiz. Jumladan, O‘rozboy Abdurahmonovning “O‘jarlar” spektaklini Qoraqalpog‘iston san’at arbobi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Marat Azimov bizning “Milliy” teatrda sahnalashtirgan, bu spektakl mana o‘n yildirki, namoyish etib kelinadi. Biz qoraqalpoq aktyorlari bilan birgalikda “O‘tgan kunlar” spektaklini ham namoyish etdik. Men 1999 yilda O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist unvonini olganman. Oradan 23 yil o‘tib, Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist unvoni berildi. Bu men uchun juda katta faxr, bunda ikki xalqning bir-biriga bo‘lgan mehr-muhabbati aks etadi”, deydi Ra’no Yarasheva.
Kino va teatr olamida allaqachon 20 yillik yo‘lni bosib o‘tgan Dilnoza Kubayeva esa ustoz san’atkorlardan so‘ng uni nomi ham e’lon qilinishi o‘zi uchun kutilmagan holat bo‘lganini aytdi.
“Qoraqalpog‘istonda “O‘tgan kunlar” va “O‘jarlar” spektakllarini namoyish etyapmiz. Ushbu spektakllarni tomoshabinlar katta hurmat va olqishlar bilan yaxshi kutib olishyapti. Kechagi kun esa biz uchun katta bayramga aylanib ketdi. Ustozlarim Hojiakbar Komilov va Ra’no Yarashevadan so‘ng familiyam e’lon qilingani men uchun kutilmagan va juda quvonarli bo‘ldi”, deydi Kubayeva.