“Piyazov” nomidagi akademiya ochildi
Madaniyat-san’at
−
26 Sentabr 2023
4930O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Jenisbek Piyazov o‘zining opera maktabiga asos soldi. Ushbu akademiyaning ochilish marosimi 25 sentyabr kuni Toshkent “Temiryo‘lchilar saroyi”da bo‘lib o‘tdi.
“Olgan bilimlarimizni yoshlarga berish maqsadida kichik bo‘lsa ham maktab ochish g‘oyasi 2 yil oldin paydo bo‘lgan. O‘shandan buyon harakat qilib, mana bugun orzuyim ushaldi”, dedi Jenisbek Piyazov.
Akademiyaga “Piyazov” nomi berilgan. Unga ko‘ra ushbu dargohda suxandonlik, klassik va estrada xonandaligi yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim beriladi.
Piyazovni akademiya ochgani bilan tabriklagan taniqli bastakor Rustam Abdullayev yoshlarning bilim olishida bu akademiyaning o‘rni katta bo‘lishini aytib o‘tdi.
"Jenisbek hamma bilan til topishib ketoladi, hamma bilan muloqotda bo‘ladi. Qarangki, mana shularning barchasi shu maktabning ochilishiga olib keldi", dedi bastakor Rustam Abdullayev.
Ushbu akademiyada tahsil oluvchi yoshlarga katta imkoniyatlar yaratib beriladi. Xususan, maktab iqtidorli talabalarning bir nechtasini Italiyaga o‘qish va malaka oshirishga jo‘natmoqchi. Shuningdek, 40 kishidan iborat “Bravo” orkestri ham akademiya bilan hamkorlik qilishi kutilyapti. Darslar soat 9 dan 3 ga qadar davom etadi.
Ma’lumki, kichik bir loyihani amalga oshirish uchun ham katta moliyaviy xarajatlar talab etiladi. Piyazovning so‘zlariga ko‘ra, ushbu maktabni ochish uchun umumiy hisobda 200 million so‘m miqdorida mablag‘ sarflangan.
Piyazovga ko‘ra, bu maktabni turmush o‘rtog‘i boshqaradi.
"Maktabni turmush o‘rtog‘im boshqaradi. Men yoshlarning bilim olishiga javob beraman. Direktor u bo‘lganidan keyin buxgalter ham o‘zi. Pul shu vaqtgacha ayolimda turgan. Men shu vaqtgacha qo‘limga pul ushlamaganman. Plastik kartam ham o‘zimda emas. Shuning uchun ular asosiy direktor. Men esa bu yerning badiiy rahbari bo‘laman. Dars o‘tish jarayonlari, chet eldan o‘qituvchilarni olib kelish va bolalarning o‘qishini nazorat qilish mening bo‘ynimda", dedi Piyazov
Maktabda allaqachon qabul boshlangan va hozircha 20 nafar talabgorlarning arizalari qabul qilingan. Tez kunlarda ulardan 10 nafari maktab o‘quvchisiga aylanadi.
LiveBarchasi