Rahmonovning ehtimoliy raqiblari ma’lum bo‘ldi
Sport
−
04 noyabr
2314
Avvalroq, qozog‘istonlik UFC jangchisi Shavkat Rahmonov va falastinlik Bilol Muhammad o‘rtasidagi jang bekor qilingani xabar qilingandi.
Bilol Muhammadning betobligi tufayli raqibsiz qolgan yarim o‘rta vazn toifasida UFC’ning birinchi raqamli jangchisi Shavkat Rahmonov 7 dekabr kuni Las-Vegasda bo‘lib o‘tadigan UFC 310 turnirida har qanday holatda ham ishtirok etmoqchi. Bu haqda “Nomad” klubi bosh murabbiyi Eduard Bazrov “Prosports” nashriga bergan intervyusida aytdi.
“Hozir tashkilotchilar Shavkatga munosib raqib izlamoqda. Biz albatta jang qilishimiz kerak. Bir nechta variant bor va qaysi biri yaxshiroq tanlov bo‘lishini ko‘rib chiqamiz. To‘g‘risi, bizga kim bilan jang qilishning farqi yo‘q. Shunchaki, biz Bilolga qarshi jang uchun alohida tayyorgarlik ko‘rayotgan edik. Rahmonovga qarshi Eduards, Usmon, Maddalena, Gerri kabi variantlar bor”, deydi Eduard Bazrov
Shu bilan birga, Qozog‘iston jamoasi amaldagi chempionning jangda ishtirok eta olmasligi qaroriga shubha bilan qarab, Bilolning kasali juda jiddiymasligini bildirdi.
“Menimcha, bu jiddiy infeksiya emas. Ko‘pgina jangchilar bu kabi muammolarga duch keladi, ammo bu jiddiy holat emas edi. Bu kasallik ba’zi hollarda antibiotiklar bilan, ba’zan esa oddiygina malhamlar bilan davolanadi. Asosan, bir hafta yoki o‘n kundan keyin kasal tuzalib ketadi. Bizda Biloldagidan ham jiddiyroq muammolar bor edi, lekin biz jang qilishga qaror qildik”, deydi mutaxassis.
Ma’lumot uchun, 30 yoshli Rahmonov MMA’da 18 ta jang o‘tkazib, barchasida g‘alaba qozongan. 36 yoshli Bilol Muhammad esa 27 ta jangda qatnashib, 24 ta g‘alabani rasmiylashtirgan va 3 ta to‘qnashuvda imkoniyatni boy bergan.
LiveBarchasi