Putinning yana bir tanqidchisi qamoqxonadan g‘oyib bo‘ldi
Olam
−
29 yanvar 2024
11557Rossiyalik muxolifatchi siyosatchi Vladimir Kara-Murza hozirda davlatga xiyonatda ayblanib, 25 yillik qamoq jazosini o‘tayotgan Omskdagi qattiq tartibli koloniyada emas. Bu haqda bugun, 29 yanvar kuni advokat Vadim Proxorov “Agentstva” nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Kara-Murzaning himoyachilaridan biri 29 yanvar kuni Omskdagi 6-koloniyada muxolifatchini ko‘rishga uringan, biroq unga siyosatchi koloniyada yo‘qligi aytilgan.
Himoyachilarda Vladimir Kara-Murzaning Omskdagi koloniyadan ko‘chirilganini rasmiy tasdiqlovchi biror hujjat yo‘q.
"Buni qamoqxona xodimi advokat o‘z mijozi bilan uchrashishi kerak bo‘lgan paytda aytdi", deb tushuntirdi Proxorov.
Uning tushuntirishicha, Kara-Murzani ko‘rishga muntazam ravishda borib turadigan advokat oxirgi marta u bilan o‘tgan haftada uchrashgan.
Vadim Proxorov sodir bo‘layotgan voqealarni, xalqaro me’yorlarni buzish deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, har qanday mahbusni, ayniqsa, siyosiy mahbusni – qarindoshlari va advokatlari u bilan aloqada bo‘lmagan holatda saqlash taqiqlanadi.
Proxorov Kara-Murza nima uchun olib ketilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishini qo‘shimcha qildi, ammo u "huquqni muhofaza qilish organlariga qo‘shimcha sabablar keltirmasliklari uchun" ularni aytmaydi.
Qayd etilishicha, Moskvaning Zamoskvoretskiy tuman sudida Vladimir Kara-Murza ishi bo‘yicha sud majlisi 6 fevralga belgilangan. Moskva shahar sudi veb-saytida aytilishicha, ish "jinoyat ishini yurituvchi mansabdor shaxslarning harakatlari (harakatsizligi)ga tegishli.
Avvalroq uning do‘sti, huquq himoyachisi va jurnalist Aleksandr Podrabinek o‘zining Facebook'dagi sahifasida Kara-Murzaning Omsk koloniyasidan ko‘chirilgani haqida xabar bergan. Podrabinekning so‘zlariga ko‘ra, uch kun oldin u Kara-Murza saqlanayotgan Omskdagi 6-koloniyaga maktub yo‘llagan, ammo 29 yanvar kuni ertalab u “adresat boshqa muassasaga ketgan” degan javob olgan.
Ma’lumot uchun, Vladimir Kara-Murza “siyosiy nafratga asoslangan Rossiya armiyasi haqidagi soxta ma’lumotlarni ommaviy ravishda tarqatgan”likda ayblangan. Ayblovga siyosatchining AQSHning Arizona shtati Vakillar palatasi a’zolari oldidagi nutqi sabab bo‘ldi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Kara-Murza Rossiya harbiylari Ukrainadagi turarjoylar, tug‘uruqxonalar, shifoxonalar va maktablarni bombardimon qilayotgani haqida “ataylab yolg‘on ma’lumot tarqatgan”.
Keyinchalik Kara-Murzaga nisbatan davlatga xiyonat va Rossiyada nomaqbul deb tan olingan tashkilot faoliyatini amalga oshirganlik uchun ish ochildi. 2023 yilning 17 aprel kuni siyosatchi 25 yilga qattiq tartibli koloniyaga hukm qilindi. Kara-Murza aybini tan olmadi. Oktyabr oyida u Omskdagi 6-koloniyaga o‘tkazildi. Bu vaqt ichida u bir necha bor jazo kamerasiga yuborilgan. Unga 14 ta rejimni buzganlikda ayblov qo‘yilgan, natijada u doimiy ravishda qoidabuzar deb topilib, jazoni o‘tashning qattiq shartlariga o‘tkazilgan.
"Ular bu jazo kameralarini qiynoq usuli sifatida ishlatadi", deydi muxolifatchining rafiqasi Yevgeniya Kara-Murza.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil oxirida Rossiyadagi yana bir qamalgan muxolifatchi Aleksey Navalniy Vladimir viloyatining Melexovo qishlog‘idagi 6-sonli axloq tuzatish koloniyasidan yo‘qolib qolgan, uning yaqinlari va advokatlari deyarli uch hafta davomida siyosatchi bilan bog‘lana olmagan edi. Keyinchalik u Yamalo-Nenets avtonom okrugidagi Xarp qishlog‘ida joylashgan 3-sonli “Qutb bo‘risi” axloq tuzatish koloniyasiga ko‘chirilgani ma’lum bo‘ldi.
LiveBarchasi