Putinning odami husiylar bilan uchrashdi
Olam
−
27 yanvar
8955Rossiya Federatsiyasi Prezidentining Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlari bo‘yicha maxsus vakili, Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Bogdanov Muhammad Abdulsalom boshchiligidagi Yamandagi husiylar harakati delegatsiyasi bilan uchrashdi. Bu haqda Rossiya TIV ma’lum qildi.
Bildirilishicha, uchrashuv 25 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan. Suhbat chog‘ida Yamanda qariyb to‘qqiz yildan buyon davom etayotgan harbiy-siyosiy inqirozni har tomonlama hal etish masalalari atroflicha muhokama qilingan. Shu bilan birga, BMT shafeligida keng ko‘lamli Yamanlararo milliy muloqotni yo‘lga qo‘yish uchun zarur shart-sharoitlarni tezkorlik bilan yaratish bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlar muhimligi ta’kidlangan.
Shuningdek, Falastin-Isroil mojarosi zonasida fojiali voqealar rivojiga, shu munosabat bilan Qizil dengizdagi vaziyatning keskinlashuviga alohida e’tibor qaratilgan.
“Shu doirada AQSH va Buyuk Britaniyaning Yamanga uyushtirgan va mintaqaviy miqyosda vaziyatni beqarorlashtirishga qodir bo‘lgan raketa va bombali hujumlari keskin qoralandi”, deyiladi TIV bayonotida.
Qayd etish joizki, G‘azo sektorida mojaro avj olganidan so‘ng, husiylar Isroil hududiga hujumlar uyushtirish va urush tugagunga qadar ular bilan bog‘liq kemalarning Qizil dengiz va Bob al-Mandeb bo‘g‘ozi suvlari orqali o‘tishiga yo‘l qo‘ymasliklarini aytgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, husiylar o‘tgan yilning noyabr oyi o‘rtalaridan beri Qizil dengiz va Adan ko‘rfazida 30 dan ortiq fuqarolik kemalariga hujum qilgan.
Bunga javoban AQSH, Bahrayn, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Italiya, Kanada, Niderlandiya, Norvegiya, Seyshel orollari va Fransiya kabi davlatlar husiylarga qarshi Prosperity Guardian operatsiyasini e’lon qildi. AQSH va Buyuk Britaniya ikki marta qo‘shma operatsiya o‘tkazib, Yaman hududidagi nishonlarga zarba berdi. Bundan tashqari AQSH bir necha bor husiylarga hujum qildi.
12 yanvar kuni AQSH va Buyuk Britaniya Yaman hududiga birinchi marta zarba berganidan so‘ng, Rossiya BMT Xavfsizlik kengashining shoshilinch yig‘ilishini o‘tkazishni talab qildi. Biroq yig‘ilishda husiylarga zarbalar berish qonuniy ekanligi ta’kidlandi. O‘shanda Rossiya va Xitoy Vashington va Londonni mintaqadagi keskinlikni kuchaytirganlikda ayblagandi. Shunga qaramasdan Xavfsizlik BMT Kengashi AQSH va uning ittifoqchilariga Yamanga qilingan hujumlar uchun sanksiya bermadi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Muso Abu Marzuk boshchiligidagi HAMAS delegatsiyasi ham Moskvada Mixail Bogdanov bilan uchrashgandi.
LiveBarchasi