Putinni Kiyevga taklif qilish noto‘g‘ri – Yermak
Olam
−
26 aprel 2021
6953Rossiya rahbari Vladimir Putinni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan ikki tomonlama munosabatlarni muhokama qilish uchun Kiyevga taklif qilish noto‘g‘ri. Ukraina Prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak shunday demoqda.
“Yo‘q, menimcha, bu noto‘g‘ri”, degan Yermak Putinni muzokaralar uchun Kiyevga taklif qilish haqidagi savolga javoban.
Shuningdek, u Ukraina rahbari Rossiya Prezidentiga “qurolli harakatlar davom etayotgan Donbass viloyatining istalgan joyida uchrashishni” taklif qilganini eslatgan.
Yermakning so‘zlariga ko‘ra, Zelenskiyning bunday taklifi Ukraina muzokaralarni davom ettirishga tayyorligini ko‘rsatmoqda.
“Va buni har kuni ukrainalik harbiylar o‘z vatanini himoya qiladigan va o‘z hayotlarini xavf ostiga qo‘yadigan joyda qilish kerak”, deb qo‘shimcha qilgan idora rahbari.
Eslatib o‘tamiz, 21 aprel kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni harbiy harakatlar ketayotgan Donbassda uchrashishni taklif qilgandi.
Putin bunga javoban har qanday qulay vaqtda ikki tomonlama munosabatlarni Moskvada muhokama qilishga tayyorligini e’lon qildi.
Keyinchalik, Ukrainaning sobiq Prezidenti, Donbassdagi mojaroni hal qilish bo‘yicha aloqa guruhidagi Ukraina delegatsiyasining amaldagi rahbari Leonid Kravchuk Zelenskiy Moskvaga bormasligini aytdi.
Ma’lumot o‘rnida, so‘nggi oylarda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi munosabat sovuqlashib bormoqda. Bunga bir tomondan Ukrainaning NATO harbiy blokiga qo‘shilish yo‘lidagi harakatlari, ikkinchi tomondan esa Rossiyaning bevosita Ukraina bilan chegarasiga 100 mingdan oshiq qo‘shin to‘plagani sabab bo‘lmoqda.