Putinga keskin murojaat yo‘llagan Bonya Shavkat Mirziyoyevga rahmat aytdi (video)
Jamiyat
−
10:29 11082 2 daqiqa
Bloger va teleboshlovchi Viktoriya Bonya O‘zbekistonga tashrif buyurdi va paxta dalasidan turib mamlakat Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi. U bu haqdagi videoni joriy yilning 25 iyun kuni o‘zining Instagram sahifasida e’lon qildi.
“O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Miromonovichga minnatdorlik bildirmoqchiman. Men hozir O‘zbekistonda, sizning yerlaringizda, ya’ni paxta dalalarida turibman. Men bu yerga ma’lum bir missiya bilan keldim. Bu yerda bo‘lgan bir necha kun ichida men sizning nafaqat madaniyatingizni saqlab qolganingizni, balki yerlaringizning imkoniyatlarini ham ko‘paytirayotganingizni ko‘rdim. Va men uchun, bularning barchasini qadrlaydigan, tabiatni qadrlaydigan inson sifatida, buni ko‘rish juda yoqimli. Bilasizmi, men juda ko‘p sayohat qilganman, juda ko‘p joylarda bo‘lganman va ko‘ryapmanki, ko‘plab Yevropa mamlakatlari ham tezkor ishlab chiqarishga o‘tmoqda, Xitoy arzonroq, sintetikroq narsalarga o‘tmoqda va bu, afsuski, ekologiyamizni juda qattiq o‘ldirmoqda”, deydi Bonya.
Shuningdek, u mamlakat xalqiga uzoq yillar davomida muvaffaqiyatli bo‘lishni tilagan.
“Men o‘z ko‘zlarim bilan sizning qanday rivojlanayotganingizni ko‘rishdan juda xursandman. Sizga, xalqingizga, yerlaringizga uzoq yuzlab yillar davomida muvaffaqiyatli bo‘lishingizni, rivojlanishingizni, odamlarga bu madaniyatni, qadriyatni va go‘zallikni berishingizni chin qalbimdan tilayman. Buning uchun sizga chin yurakdan rahmat aytaman, chunki men ko‘rayotgan narsa nafaqat ajoyib va mehribon odamlar, balki bu juda-juda yaxshi parvarishlangan va chiroyli joylar hamda yerlar. Rahmat aytmaslikning iloji yo‘q. Buni qadrlamaslikning iloji yo‘q. Shuning uchun, chin qalbimdan xalqingizga rivojlanishga va o‘sishga imkon berganingiz uchun sizga rahmat aytaman”, deydi bloger.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning aprel oyida Viktoriya Bonya jamoatchilik e’tiboriga tushgan edi. O‘shanda u Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga keskin murojaat bilan chiqib, turli xil muammolarni tilga olgandi. Xususan, Bonya Rossiya xalqi Putindan qo‘rqishini aytgandi va Dog‘istonda yuz bergan suv toshqinlari, shuningdek, ba’zi ekologik muammolarga to‘xtalgan edi.
Shuningdek, u bir necha kun Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov bilan birga tushgan suratini e’lon qilib, yana bir bor o‘zbekistonliklar e’tiboriga tushdi.
Live
Barchasi