Putin YeOII sammiti vaqtida To‘qayevga xat yozgan va uni Japarov orqali uzatgan (video)

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Moskvadagi YeOII sammiti chog‘ida Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayevga maktub yozgan. Keyin xatni Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov orqali uzatgan. Bu haqda “Moskva. Kreml. Putin” dasturining Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining so‘nggi yig‘ilishiga bag‘ishlangan sonida so‘z bordi.

Kadrlarda Qozog‘iston rahbari xabarni o‘qib, Rossiya Prezidentiga bosh irg‘agani va yozuvni cho‘ntagiga solib qo‘yganini ko‘rish mumkin. Shundan so‘ng, Qozog‘iston rahbari o‘z yordamchilarini chaqirib, ularga o‘zi yozgan xatni topshirgan.

Videolar tarqalgach, Qozog‘iston Prezidentining matbuot kotibi Ruslan Jeldibay Putinning sammit chog‘ida To‘qayevga bergan maktubining mazmunini ochiqlagan. 

“Ushbu xatda YeOII rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvida berilgan savolga Rossiya tomonining javobi bor edi. Gap qozog‘istonlik yuk jo‘natuvchilarning Rossiya temir yo‘llari orqali ichki tariflar bo‘yicha yuk tashish imkoniyati haqida bo‘ldi. Rossiya hukumati Qozog‘istonga yo‘naltirilgan tovarlarga imtiyozli tarif qo‘llanilishi mumkin, Rossiya orqali tranzit o‘tayotgan tovarlarga esa eksport bojlari qo‘llanilishi kerak, deb hisoblaydi. Prezident {To‘qayev} hukumatimizga 2015 yilda YeOIIni tashkil etish to‘g‘risidagi bitim tamoyillari asosida Rossiya tomoni bilan ushbu masala bo‘yicha muzokaralarni davom ettirish bo‘yicha topshiriq yozilgan xatni topshirdi”, degan Ruslan Jeldibay.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 25 may kuni Moskvadagi Katta Kreml saroyida bo‘lib o‘tgan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining kengaytirilgan tarkibdagi majlisida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan, Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi hay’ati raisi Mixail Myasnikovich ishtirok etgan. Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev videoaloqa orqali qatnashgan. Yig‘ilishga Tojikiston rahbari Imomali Rahmon va Ozarbayjon Prezident Ilhom Aliyev ham taklif qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Qozog'iston Putin EOII Sadir Japarov To'qaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing