Putin Ukrainaning NATOga kirishi nimalarga olib kelishidan ogohlantirdi
Olam
−
02 fevral 2022
22764Rossiya Prezidenti Vladimir Putin NATOga a’zo bo‘lgan qurolli Ukraina Qrimda operatsiyani qanday boshlashini tasavvur qilishni so‘radi. Bu haqda u Rossiya-Vengriya muzokaralari yakunida o‘tkazilgan matbuot anjumanida gapirdi.
“Ukrainaning o‘z doktrinal hujjatlarida Qrimni, jumladan, harbiy yo‘l bilan qaytarmoqchi ekani yozilgan. Bu ularning jamoatchilikka aytgani emas, hujjatlarda yozilgan. Tasavvur qiling-a, Ukraina NATO a’zosi, qurol bilan to‘ldirilgan, xuddi Polsha va Ruminiyada bo‘lgani kabi zamonaviy zarba tizimlari mavjud, bunga kim xalaqit beradi? Keyin u Qrimda operatsiyalarni boshlaydi, hozir men Donbass haqida hatto gapirmayapman”, degan Putin.
U bunday ssenariy nimaga olib kelishi haqida o‘ylashga chaqirgan. Putinning ta’kidlashicha, Moskva vaziyatning keskinlashuviga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilmoqda, buning uchun barcha manfaatdor tomonlar — Rossiya, Yevropa Ittifoqi va Ukraina xavfsizligini ta’minlash zarur.
Uning ta’kidlashicha, Qrim Rossiyaning suveren hududi bo‘lib, bu boradagi masala yopiq.
“Bu suveren Rossiya hududi. Bu masala biz uchun yopiq. Tasavvur qilaylik, Ukraina NATO davlati va u harbiy operatsiyalarni boshlaydi. Nega biz NATO bloki bilan urushyapmiz? Xo‘sh, kimdir bu haqda o‘ylab ko‘rganmi? Yo‘q, shekilli”, deya qo‘shimcha qilgan Putin.
So‘nggi paytlarda G‘arb mamlakatlarida, shuningdek, Kiyevda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi mumkinligi haqida bayonotlar paydo bo‘ldi. Rossiya Federatsiyasi Prezidentining Matbuot kotibi Dmitriy Peskov bunday ma’lumotni bo‘sh va asossiz keskinlikning kuchayishi deb atadi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya hech kimga tahdid solmaydi. Shu bilan birga, Peskov bunday bayonotlarni oqlash uchun provokatsiyalar bo‘lishi mumkinligini inkor etmadi va Ukraina janubi-sharqidagi inqirozni kuch bilan hal qilishga urinishlar eng og‘ir oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirdi.
LiveBarchasi