Putin Ukrainani terakt uyushtirishda aybladi
Olam
−
04 iyun
5972Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Bryansk va Kursk viloyatlarida sodir bo‘lgan teraktlar uchun javobgarlikni Ukraina rahbariyatiga yukladi. Bu haqda u bugun, 4 iyun kuni hukumat a’zolari bilan bo‘lgan yig‘ilishda so‘z ochdi.
Qayd etilishicha, Putin temiryo‘llar portlashiga aloqador ravishda Ukraina bilan o‘t ochishni to‘xtatish yoki Kiyev bilan sammit o‘tkazish zarurligi borasida shubhalarini bildirgan.
“Bugun, katta yo‘qotishlar fonida va butun front chizig‘i bo‘ylab chekinib, Rossiyani qo‘rqitishga urinar ekan, Kiyev rahbariyati terrorchilik aktlarini uyushtirishga o‘tdi”, degan Rossiya rahbari.
Qolaversa, Putin o‘rtaga Rossiya bilan sulh tuzish masalasini tashlagan. U hukumat vakillari oldiga bir nechta savollar qo‘ygan.
“Bunday sharoitda qanday qilib yuqori darajadagi uchrashuvlar o‘tkazilishi mumkin? Nima haqida gaplashiladi? Kim terrorga tayanganlar bilan muzokara olib boradi? Terrorchilar bilanmi?”, degan Putin.
Rossiya Prezidentining ta’kidlashicha, hujumlar ataylab tinch aholi, jumladan ayollar va bolalarni nishonga olgan. U bu hujumlarning Istanbuldagi tinchlik muzokaralarining navbatdagi bosqichi arafasida amalga oshirilgani va muzokaralar jarayonini izdan chiqarishga qaratilganini aytgan.
Putin, shuningdek, Bryansk va Kursk viloyatlarida poezdlar bilan bog‘liq favqulodda hodisalarda halok bo‘lganlar oilalariga hamdardlik bildirgan.
Temiryo‘llar qulashi
Joriy yilning 31 may kuni Bryansk viloyatida joylashgan “Pilsino-Vigonichi” yo‘nalishidagi bir yo‘lakli temiryo‘l bo‘lagida avtomobil ko‘prigining ustki qismi qulab tushgandi. Oqibatda ”Klimovo–Moskva” yo‘nalishida harakatlanayotgan 86-sonli yo‘lovchi poyezdining lokomotivi va vagonlari relsdan chiqib ketgan. Qolaversa, yetti kishi halok bo‘lgan va 70 dan ortiq odam jarohat olgan.
Boshqa holatda esa Kursk viloyatida temiryo‘l ko‘prigi poyezd bilan birgalikda qulab tushgan. Jurnalist Aleksandr Xinshteynning xabar berishicha, Trostna-Kalinovka yo‘lining 48-kilometrida ko‘prik ustidan poyezd o‘tib ketayotgan vaqtida u qulab tushgan. Hodisa oqibatida 1 kishi jarohatlangan. Poyezdning bir qismi ko‘prik ostidagi avtomobil yo‘liga ag‘darilgan. Poyezd lokomotivida yong‘in boshlangan, lekin Favqulodda vaziyatlar xizmati xodimlari uni tezda o‘chirgan. Qolgan vagonlar temiryo‘l platformasida qolgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Bryansk va Kursk viloyatlarida ko‘priklarning qulashi holati tergovchilar tomonidan terrorchilik harakati deb baholangandi.
LiveBarchasi