Rossiyada ko‘prik poyezd ustiga quladi. Qurbonlar bor
Olam
−
01 iyun 8341 2 daqiqa
Rossiyaning Bryansk viloyatida avtomobil ko‘prigi temiryo‘l ustiga qulashi oqibatida Moskva tomon harakatlanayotgan yo‘lovchi poyezdi relsdan chiqib ketdi. Bu haqda “Gazeta.ru” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, kecha, 31 may kuni mahalliy vaqt bilan 22:44 da Bryansk viloyatida joylashgan “Pilsino-Vigonichi” yo‘nalishidagi bir yo‘lakli temiryo‘l bo‘lagida avtomobil ko‘prigining ustki qismi qulab tushgan. Oqibatda ”Klimovo–Moskva” yo‘nalishida harakatlanayotgan 86-sonli yo‘lovchi poyezdining lokomotivi va vagonlari relsdan chiqib ketgan.
Rossiya Tergov qo‘mitasi bergan ma’lumotga ko‘ra, ko‘prik konstruksiyasi qulab tushib, uning bo‘laklari ostidan o‘tayotgan yo‘lovchi poyezd ustiga tushgan.
Hodisa yuzasidan Rossiya Tergov qo‘mitasi va Moskva o‘lkaviy transport prokuraturasi tomonidan surishtiruv ishlari boshlangan.
Bryansk viloyati gubernatori Aleksandr Bogomaz halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar haqidagi ma’lumotlarni tasdiqlagan.
“Tezkor ma’lumotlarga ko‘ra, temiryo‘l ustiga avtomobil ko‘prigi qulab tushishi oqibatida, afsuski, yetti kishi halok bo‘lgan”, deya bayonot bildirgan Bogomaz.
Qayd etilishicha, voqeadan so‘ng tungi vaqtda 30 kishi jarohatlangani haqida xabar berilgan, ulardan ikkitasi yosh bola bo‘lgan.
Jarohatlanganlardan ikki kishi, jumladan, bir bola og‘ir ahvolda ekani bildirilgan.
Tongga kelib, jarohatlanganlar soni oshgan.
“Bugungi kungacha jarohat olganlar soni 66 kishiga yetdi, ulardan uchtasi bolalar. Uch nafar jabrlanuvchining ahvoli og‘ir. 44 kishi shifoxonaga yotqizilgan, yana 22 kishi ambulator kuzatuvda”, deya ma’lum qilgan gubernator.
RBK nashri Moskva temiryo‘l boshqarmasiga tayanib, poyezd lokomotivi va vagonlarining relsdan chiqishiga transport faoliyatiga noqonuniy aralashuv sabab bo‘lganini yozgan.
Ayrim OAVlar esa ko‘prik qulashiga sabab sifatida ustunlardan birining portlatilishini keltirgan. Ushbu ko‘prik portlatilganmi yoki yo‘q bu haqda hozircha rasmiy ma’lumot berilmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hindistonning Nyu-Dehli temiryo‘l vokzalida tiqilinch yuz berib, oqibatda 18 kishi halok bo‘lgandi.
Live
Barchasi