BAA Flydubai bortidagi hodisani terakt sodir etishga urinish deb topdi
Olam
−
15:23 419 2 daqiqa
Flydubai reysidagi hodisa bo‘yicha olib borilgan tergov samolyot kapitani yordamchisining terrorchilik operatsiyasini amalga oshirishga uringanini aniqladi. Bu haqda BAA Bosh prokurori Hamad Saif Al-Shamsi ma’lum qildi.
Bosh prokurorning so‘zlariga ko‘ra, parvoz paytida ikkinchi uchuvchi kabinada havo kemasi komandiriga avariyaviy bolta bilan hujum qilgan va havo kemasi boshqaruvini egallab olishga uringan. Tergov hali davom etmoqda.
“Tergovchilar sodir bo‘lgan voqeaning tafsilotlari, sabablari va hodisa bilan bog‘liq aloqalarni aniqlamoqda, texnik tadqiqotlar o‘tkazmoqda hamda ashyoviy va raqamli dalillarni o‘rganmoqda. Yakuniy natijalar zarur ishlar yakunlangach e’lon qilinadi”, deydi Al-Shamsi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq terakt sodir etishga urinishda gumonlanayotgan Flydubai aviakompaniyasi samolyoti pilotining ismi va fuqaroligi ma’lum bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.
Flydubai samolyoti bortidagi favqulodda hodisa
Isroil Harbiy-havo kuchlari qiruvchi samolyotlari havo kemasi tomon havoga ko‘tarilgan edi. Keyinchalik havo kemasi Saudiya Arabistoniga qo‘ngani ma’lum bo‘ldi. Buning ortidan Flydubai aviakompaniyasi Isroil televideniyesiga “Dubay—Tel-Aviv” reysidagi uchuvchilar o‘rtasida bortda mushtalashuv sodir bo‘lganini xabar qildi.
Tez orada samolyot ichidan olingan dastlabki foto va videolar paydo bo‘ldi. Suratda, taxminlarga ko‘ra, hujumchi bilan olishgan yo‘lovchi tasvirlangan. Hukumat esa uchuvchilardan biri samolyotni qasddan qulatishga uringan bo‘lishi mumkinligi haqidagi versiyani tekshirmoqda. Uning harakatlariga ikkinchi uchuvchi va u bilan olishuvga kirishib, falokatning oldini olgan isroillik yo‘lovchilar chek qo‘ygan deb taxmin qilinmoqda.
Shuningdek, samolyot uchuvchilarining fuqaroligi bo‘yicha yana bir versiya yangradi. Rossiya va Ukraina fuqaroligi haqidagi versiyadan so‘ng, uchuvchilar Ummon va BAA fuqaroligiga ega ekani haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Keyinchalik uchuvchilardan biri hujumdan so‘ng pichoq jarohatlari oqibatida vafot etgan bo‘lishi mumkinligi haqida ma’lumot tarqaldi.
Ommaviy axborot vositalarida Ukraina va Rossiyadan bo‘lgan uchuvchilar yo‘lovchi sifatida uchib ketayotgani va Flydubai samolyoti boshqaruvini o‘z qo‘llariga olishgani haqida ham xabar berilgan edi. Keyinchalik Flydubai samolyoti bortida hamkasbining hujumidan jarohat olgan uchuvchi Hindiston fuqarosi Smit Machchxar ekani ma’lum bo‘ldi.
Live
Barchasi