Isroil Flydubai samolyotini urib tushirmoqchi bo‘lgan – OAV
Olam
−
14:39 1598 3 daqiqa
Isroil kapitanga hujum qilingan FlyDubai samolyotini urib tushirishga tayyorlangan. Bu haqda “CBS News” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Dubaydan Tel-Avivga uchayotgan samolyot Isroilga yaqinlashgan vaqtda ikkinchi uchuvchi bort komandiriga hujum qilib, samolyotni qulatishga uringan. Hujum oqibatida samolyot 14 ming futga pasayib ketgan.
Isroil Harbiy-havo kuchlari samolyot ekipaji bilan bog‘lanishga uringan, biroq javob bo‘lmagan. Shundan so‘ng, oldindan belgilangan tartib asosida maxsus qo‘mita ishga tushirilgan, qo‘mondonlik markazi tashkil etilgan va qiruvchi samolyotlar havoga ko‘tarilgan.
Biroq samolyot Isroildan taxminan 400 mil uzoqlikda Saudiya Arabistoni tomon burilgach, Isroil qiruvchilarni ortga chaqirgan. Saudiya Arabistoni ham o‘z harbiy samolyotlarini havoga ko‘targan.
Ma’lum qilinishicha, samolyot kapitani hujum qilgan ikkinchi uchuvchini qarshilik ko‘rsatib, kabina eshigini ochishga muvaffaq bo‘lgan. Shundan so‘ng bir guruh isroillik yo‘lovchilar va FlyDubai xodimlari hujumchini zararsizlantirgan. Parvozda bo‘lgan ikki nafar ishdan tashqari uchuvchi esa samolyotni boshqaruvga olib, Saudiya Arabistonining Tabuk shahriga favqulodda qo‘ndirgan.
Manbalarga ko‘ra, agar Flight 1073 Isroilga ma’lum masofagacha yaqinlashganida, mamlakat qiruvchi samolyotlari Iordaniya havo hududiga kirib, samolyotni tekshirishi kerak bo‘lgan.
Agar samolyot olib qochilgan deb topilsa, hujumchi radioaloqaga chiqmasa va hech qanday talab bildirmasa, Mudofaa vaziri hamda Bosh vazir ishtirokida qaror qabul qilinishi ko‘zda tutilgan. Protokolga ko‘ra, bunday samolyot Isroil hududiga xavf tug‘dirishda davom etsa, uni urib tushirish mumkin. Bunday qarorni faqat Bosh vazir qabul qilishi mumkin.
Shuningdek, Isroil tergoviga ko‘ra, hujumni amalga oshirgan ikkinchi uchuvchi samolyotni Tel-Avivdagi Ben-Gurion aeroportiga qulatishni oldindan rejalashtirgan bo‘lishi mumkin. Dastlabki tergov hujumchi yolg‘iz harakat qilgan bo‘lish ehtimolini ko‘rsatmoqda. Tergov davom etmoqda.
Flydubai samolyoti bortidagi favqulodda hodisa
Isroil Harbiy-havo kuchlari qiruvchi samolyotlari havo kemasi tomon havoga ko‘tarilgan edi. Keyinchalik havo kemasi Saudiya Arabistoniga qo‘ngani ma’lum bo‘ldi. Buning ortidan Flydubai aviakompaniyasi Isroil televideniyesiga “Dubay—Tel-Aviv” reysidagi uchuvchilar o‘rtasida bortda mushtalashuv sodir bo‘lganini xabar qildi.
Tez orada samolyot ichidan olingan dastlabki foto va videolar paydo bo‘ldi. Suratda, taxminlarga ko‘ra, hujumchi bilan olishgan yo‘lovchi tasvirlangan. Hukumat esa uchuvchilardan biri samolyotni qasddan qulatishga uringan bo‘lishi mumkinligi haqidagi versiyani tekshirmoqda. Uning harakatlariga ikkinchi uchuvchi va u bilan olishuvga kirishib, falokatning oldini olgan isroillik yo‘lovchilar chek qo‘ygan deb taxmin qilinmoqda.
Shuningdek, samolyot uchuvchilarining fuqaroligi bo‘yicha yana bir versiya yangradi. Rossiya va Ukraina fuqaroligi haqidagi versiyadan so‘ng, uchuvchilar Ummon va BAA fuqaroligiga ega ekani haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Keyinchalik uchuvchilardan biri hujumdan so‘ng pichoq jarohatlari oqibatida vafot etgan bo‘lishi mumkinligi haqida ma’lumot tarqaldi.
Ommaviy axborot vositalarida Ukraina va Rossiyadan bo‘lgan uchuvchilar yo‘lovchi sifatida uchib ketayotgani va Flydubai samolyoti boshqaruvini o‘z qo‘llariga olishgani haqida ham xabar berilgan edi. Keyinchalik Flydubai samolyoti bortida hamkasbining hujumidan jarohat olgan uchuvchi Hindiston fuqarosi Smit Machchxar ekani ma’lum bo‘ldi.
Live
Barchasi