Flydubai kapitani o‘ziga keldi va samolyotda nimalar bo‘lganini ochiqladi

Olam

−

image

Samolyotni egallab olishga urinish paytida og‘ir jarohat olgan Flydubai kapitani Smit Machchhar sodir bo‘lgan voqea haqida ilk bor so‘zlab berdi. Uning so‘zlarini CNN keltirdi.

Machchharning so‘zlariga ko‘ra, jarohatlariga qaramay, u ikkinchi pilotga qarshilik ko‘rsatishda davom etgan, chunki aks holda bortdagi barcha odamlar halok bo‘lishi mumkinligini tushunib yetgan.

Hodisa 30 sentyabr kuni Tel-Avivga yo‘l olgan FZ 1073 reysida sodir bo‘lgandi. Ikkinchi pilot kabinada Machchharga hujum qilgan. Samolyot boshqaruvni yo‘qota boshlagan, biroq bir necha yo‘lovchi kabinaga yorib kirishga va hujumchini zararsizlantirishga muvaffaq bo‘lgan. Boshqaruvni bortda bo‘lgan boshqa pilotlar o‘z zimmasiga olgan, shundan so‘ng samolyot Saudiya Arabistoniga favqulodda qo‘nishni amalga oshirgan.

“O‘sha paytda men o‘z hayotim uchun kurashayotgan edim. Juda og‘ir jarohat olganimdan yiqilib tushdim. Xayolimdan: agar qaytib oyoqqa tura olmasam-chi? degan fikr o‘tdi”, deydi Machchhar Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan videomuloqot chog‘ida.

Uchuvchining so‘zlariga ko‘ra, u 17 yildan beri parvoz qiladi, shundan 11 yilida havo kemasi komandiri bo‘lib ishlamoqda. 

“Hatto ko‘zlarim yumiq bo‘lsa ham, samolyotimda nima yuz berayotganini aniq bilaman”, deydi uchuvchi. 

Shu sababli, kabina polida yotganida, u samolyot qulayotganini tushunib yetgan.

“Polda yotganimda samolyot pastga sho‘ng‘iyotganini his qildim. Buning nima bilan yakunlanishini aniq tushunib turardim. Eshik juda yaqin edi. Meni kaltaklashda davom etishayotganiga qaramay, shunchaki eshikni ochdim. Shunda ichkariga boshqalar kirib kelishdi. Voqeada ularning roli menikidan kam bo‘lmadi. Ha, men buni o‘z hayotimni saqlab qolish uchun qildim. Lekin ayni paytda buncha odamning halok bo‘lishiga yo‘l qo‘ya olmasligimni ham tushunardim. Ushbu hodisadan so‘ng bu yerdagi odamlar... Menga shunday yordam va tibbiy ko‘mak ko‘rsatishdiki, bundan ortig‘ini tasavvur ham qilib bo‘lmaydi”, deydi Machchhar.

U ko‘p miqdorda qon yo‘qotgan va og‘ir jarohatlar olgan. Dastlab unga Saudiya Arabistonida yordam ko‘rsatilgan, so‘ngra Abu-Dabidagi shifoxonaga o‘tkazilgan va u yerda davolanishni davom ettirmoqda.

Gumonlanuvchi ikkinchi pilot ham Saudiya Arabistonidan BAAga o‘tkazilgan. U yerda unga nisbatan terrorizm moddasi bo‘yicha tergov olib borilmoqda. BAA Prezidentining diplomatik masalalar bo‘yicha maslahatchisi Anvar Gargash sodir bo‘lgan voqeani “xavfli terrorchilik harakati” deb atagan.

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning so‘zlariga ko‘ra, gumonlanuvchi Ummon fuqarosi. Ummon va Isroil o‘rtasida rasmiy diplomatik munosabatlar mavjud emas va u Isroilga reys bajarish uchun qanday qilib ruxsatnoma olgani hozircha noma’lum.
 
Ikkinchi pilotning shaxsi rasmiylar tomonidan hozircha oshkor qilinmagan. Uning motivi va hujum paytida qo‘llagan quroli ham rasman aniqlanmagan. Netanyaxu hujumchi pichoq yoki bolta ishlatgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi. 

Flydubai samolyoti bortidagi favqulodda hodisa

Isroil Harbiy-havo kuchlari qiruvchi samolyotlari havo kemasi tomon havoga ko‘tarilgan edi. Keyinchalik havo kemasi Saudiya Arabistoniga qo‘ngani ma’lum bo‘ldi. Buning ortidan Flydubai aviakompaniyasi Isroil televideniyesiga “Dubay—Tel-Aviv” reysidagi uchuvchilar o‘rtasida bortda mushtalashuv sodir bo‘lganini xabar qildi.

Tez orada samolyot ichidan olingan dastlabki foto va videolar paydo bo‘ldi. Suratda, taxminlarga ko‘ra, hujumchi bilan olishgan yo‘lovchi tasvirlangan. Hukumat esa uchuvchilardan biri samolyotni qasddan qulatishga uringan bo‘lishi mumkinligi haqidagi versiyani tekshirmoqda. Uning harakatlariga ikkinchi uchuvchi va u bilan olishuvga kirishib, falokatning oldini olgan isroillik yo‘lovchilar chek qo‘ygan deb taxmin qilinmoqda.

Shuningdek, samolyot uchuvchilarining fuqaroligi bo‘yicha yana bir versiya yangradi. Rossiya va Ukraina fuqaroligi haqidagi versiyadan so‘ng, uchuvchilar Ummon va BAA fuqaroligiga ega ekani haqida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Keyinchalik uchuvchilardan biri hujumdan so‘ng pichoq jarohatlari oqibatida vafot etgan bo‘lishi mumkinligi haqida ma’lumot tarqaldi.

Ommaviy axborot vositalarida Ukraina va Rossiyadan bo‘lgan uchuvchilar yo‘lovchi sifatida uchib ketayotgani va Flydubai samolyoti boshqaruvini o‘z qo‘llariga olishgani haqida ham xabar berilgan edi. Keyinchalik Flydubai samolyoti bortida hamkasbining hujumidan jarohat olgan uchuvchi Hindiston fuqarosi Smit Machchxar ekani ma’lum bo‘ldi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing