11 sentyabrga oid o‘nlab maxfiy hujjatlar ochiqlandi
Olam
−
08:59 2612 2 daqiqa
Kecha, 11 sentyabr kuni AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) 1998–2001 yillarga oid 71 ta prezidentlik razvedka axborotnomasini maxfiylikdan chiqardi. Hujjatlar 11 sentyabr teraktining tayyorgarligiga taalluqli. Bu haqda MRB xabar berdi.
Qayd etilishicha, fojiadan bir necha yil oldin paydo bo‘lgan “Al-Qoida” tahdidi va uning AQSHga hujum qilish rejalari haqidagi ogohlantirishlarni oshkor qiluvchi ma’lumotlar e’lon qilingan.
“Bugun direktor Jon Retkliff 11 sentyabrdagi terrorchilik xurujlarining 25 yillik xotirasi munosabati bilan hamda Prezident Donald Trampning shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha tarixiy tashabbusiga muvofiq, Prezident uchun tayyorlanadigan kunlik axborotnomalardan 71 ta hujjatni maxfiylikdan chiqardi”, deyiladi MRB bayonotida.
Xabar qilinishicha, maxfiylikdan chiqarilgan 100 dan ortiq sahifadan iborat hujjatlar 2004 yildan beri 11 sentyabr voqealariga oid tahliliy materiallarning eng keng miqyosli oshkor etilishi bo‘lgan.
MRBning bildirishicha, axborotnomalar idora tahlilchilari mavjud ma’lumotlarning tanqisligi, to‘liq emasligi va parcha-parchaligi sharoitida mamlakat rahbariyatini tayyorlanayotgan hujumlardan qanday ogohlantirishga harakat qilganini ko‘rsatadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2001 yil 11 sentyabr ertalabida 19 nafar terrorchi AQSHda to‘rtta yo‘lovchi samolyotini egallab olgan, ulardan ikkitasi Butunjahon savdo markazining baland binolariga borib urilgan. Uchinchisi Pentagon binosiga urilgan, to‘rtinchisi Pensilvaniya shtatidagi Shanksvill shahri yaqinida qulagan. Hodisa oqibatida 2 977 kishi halok bo‘lgan, yana 24 kishi bedarak yo‘qolgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2001 yil 11 sentyabrdagi teraktlarning asosiy tashkilotchisi deb gumon qilingan shaxs va Guantanamo bazasida saqlanayotgan uning yana uch nafar sherigi 2028 yilda sud oldida javob berishi ma’lum bo‘lgan edi.
Shuningdek, Nyu-Yorkda 2 977 ta yorug‘lik sochuvchi dron yordamida egizak minoralar surati gavdalantirilib, 11 sentyabr teraktlari qurbonlari xotirasi yod etilgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi