Putin rossiyalik amaldorlarni mahalliy avtomobilda yurishga chaqirdi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin mamlakatning barcha amaldorlari mahalliy avtomobillarni haydashi kerakligini aytdi. Bu haqda u bugun, 3 avgust kuni ishlab chiqarish korxonalari rahbarlari bilan uchrashuvda so‘z ochdi.

Uning aytishicha, vazirlik va idoralar xorijda ishlab chiqarilgan avtomobillarni xarid qilishni davom ettirib, unga bo‘lgan e’tiborni oshirmoqda. Putin esa buni mutlaqo istisno qilish kerakligini aytgan. 

“Mamlakatning barcha amaldorlari mahalliy avtomobillarda yurishi kerak”, degan Putin.

Uning fikricha, bu kamtarroq bo‘ladi, biroq buning hech qanday qo‘rqinchli joyi yo‘q.

“Aksincha, bu juda yaxshi. Bizning ajoyib byurokratiyamiz mahalliy brendlar, mahalliy avtomobillar va boshqa mahalliy mahsulotlarni rivojlantirish uchun harakat qilishimiz kerakligini tushunishi kerak. Hayot sifatini yaxshilash esa birinchi navbatda shunga qaratilgan bo‘lishi lozim”, deya qo‘shimcha qilgan Putin.

Uning ta’kidlashicha, importdan umuman voz kechish shart emas, lekin asosiy e’tibor mahalliy ishlab chiqaruvchilarga qaratilishi kerak.

Aytish joizki, shu yilning iyul oyi boshida Davlat Dumasi spikeri Vyacheslav Volodin ham davlat organlari va byudjet muassasalari uchun davlat xaridlarida mahalliy avtomobil sanoatiga e’tibor qaratishga chaqirgan. Deputat Sulton Hamzayev ham amaldorlarni Rossiya avtomobillariga o‘tkazish g‘oyasini ilgari surgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu, birinchi navbatda, senatorlar va Davlat Dumasi deputatlariga tegishli bo‘lishi kerak.

O‘z navbatida, Moliya vaziri Anton Siluanov uning idorasi davlat ehtiyojlari uchun mahalliy avtomobillarni xarid qilishda birinchi bo‘lib ishtirok etishga tayyorligini aytgan.

Ma’lumot uchun, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi fonida bir qancha xorijiy kompaniyalar mamlakat avtomobil bozorini tark etdi. Shuningdek, sanksiyalar tufayli Rossiyaning import avtomobillarga bo‘lgan talabi keskin ortdi. Joriy yilning olti oyi davomida Rossiyaga 227,2 ming dona yengil mashina import qilingan bo‘lib, uning asosiy qismi – 75,7 foizi Xitoy hissasiga to‘g‘ri kelgan. Qozog‘iston (9,6 foiz) va Qirg‘iziston (5,8 foiz) ham Rossiyaga sotilgan avtomobillarning katta qismini yetkazib bergan. Bundan tashqari, ishlatilgan avtomobillar importining asosiy ulushi Yaponiya (55,6 foiz), Armaniston (12,9 foiz) va Belarus (11,4 foiz) hissasiga to‘g‘ri kelgan.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin avtomobil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing