Rossiyada avtomobil ishlab chiqarish qariyb 30 foizga qisqardi
Olam
−
02 avgust 2023
4306Rossiyada 2023 yilning birinchi yarmi davomida avtomobil ishlab chiqarish hajmi qariyb uchdan birga qisqardi. Bu haqda “Izvestiya” xabar berdi.
Qayd etilishicha, yilning dastlabki olti oyida Rossiyadagi zavodlar 197 ming dona avtomobil ishlab chiqargan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 29,9 foizga kam degani. Shu bilan birga, iyun oyida mamlakatda 42 ming dona avtomobil yig‘ilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2022 yilga nisbatan 3,1 baravarga ko‘paygan.
Shuningdek, Rossiyada yuk avtomobillarini ishlab chiqarish hajmi, yengil mashinalardan farqli o‘laroq, 5,8 foizga o‘sgan. Yil boshidan beri 75 ming dona yuk mashinasi ishlab chiqarilgan va undan 14,3 mingtasi iyun oyiga to‘g‘ri kelgan (2022 yilning iyuniga nisbatan 37,8 foizga ko‘p). 2023 yilning birinchi yarmida traktor ishlab chiqarish hajmi 9 foizga kamaygan. Bundan tashqari, og‘irligi 5 tonnagacha bo‘lgan 2,4 mingta va 5 tonnadan yuqori bo‘lgan 1,3 mingta avtobus ishlab chiqarilgan.
Garchi Rossiyada joriy yilning may va iyun oylarida avtomobil ishlab chiqarish hajmi keskin oshgan bo‘lsa-da, bu mutaxassislar tomonidan juda yuqori natija sifatida baholanmayapti. Boisi o‘tgan yilning ikkinchi choragi Rossiya avtomobil sanoati uchun juda og‘ir kechgan bo‘lib, ushbu davrda mamlakatda ishlab chiqarish deyarli to‘xtagan.
“Ko‘pgina korxonalar avtomobil ishlab chiqarish uchun butlovchi qismlarning yetishmasligidan zarar ko‘rgani sabab o‘z ishini bir muddatga to‘xtatib qo‘ydi. Shuning uchun natijalarni solishtirish mutlaqo xato. O‘tgan yilning ikkinchi choragida avtomobillar deyarli ishlab chiqarilmagan”, deydi avtomobil bozori eksperti Vladimir Bespalov.
Ma’lumot uchun, Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi fonida bir qancha xorijiy kompaniyalar mamlakat avtomobil bozorini tark etdi. Shuningdek, sanksiyalar tufayli Rossiyaning import avtomobillarga bo‘lgan talabi keskin ortdi. Joriy yilning olti oyi davomida Rossiyaga 227,2 ming dona yengil mashina import qilingan bo‘lib, uning asosiy qismi – 75,7 foizi Xitoy hissasiga to‘g‘ri kelgan. Qozog‘iston (9,6 foiz) va Qirg‘iziston (5,8 foiz) ham Rossiyaga sotilgan avtomobillarning katta qismini yetkazib bergan. Bundan tashqari, ishlatilgan avtomobillar importining asosiy ulushi Yaponiya (55,6 foiz), Armaniston (12,9 foiz) va Belarus (11,4 foiz) hissasiga to‘g‘ri kelgan.
LiveBarchasi