Putin Pezeshkiyondan so‘ng Netanyaxu bilan gaplashib oldi

Olam

image

Bugun, 13 iyun kuni Isroilning Eronga qarshi harbiy harakatlari oqibatida vaziyatning xavfli keskinlashuvi munosabati bilan Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Kreml xabar berdi.

Rossiya rahbari Isroil Bosh vaziri bilan suhbatda muzokaralar jarayoniga qaytish va Eron yadro dasturi bilan bog‘liq barcha masalalarni faqat siyosiy va diplomatik yo‘llar bilan hal qilish muhimligini ta’kidladi, shuningdek, taranglikning yanada kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun vositachilik xizmatlarini ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.

Putin Netanyaxudan oldin Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyonga ham sim qoqqandi. Rossiya Prezidenti Isroil zarbalari sabab halok bo‘lgan Eron rahbariyati va xalqiga hamdardlik bildirgandi. Vladimir Putin Rossiya Isroilning BMT Nizomi va xalqaro huquq normalariga zid harakatlarini qoralashini ta’kidlagan. U Rossiya tomoni Eron yadroviy dasturi atrofidagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha doimo faol harakat qilgani, o‘z taklif va tashabbuslarini ilgari surganini qayd etgan.

Rossiya tomoni Eron va Isroil rahbariyati bilan butun mintaqa uchun eng halokatli oqibatlarga olib keladigan mavjud vaziyatni hal qilishga qaratilgan yaqin aloqalarni davom ettirishga kelishib olindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Eronning “yadroviy dasturiga qarshi” zarba berganini e’lon qilgan edi. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning aytishicha, operatsiyaning maqsadi “Eron yadroviy infratuzilmasiga, ballistik raketa ishlab chiqaruvchi zavodlariga va harbiy salohiyatiga zarar yetkazish” bo‘lgan.

Hujum oqibatida Eron islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondoni general-mayor Husayn Salamiy halok bo‘ldi. IRNA va “Tasnim” axborot agentliklari xabariga ko‘ra, shuningdek, Eron Atom energiyasi tashkilotining sobiq rahbari Fereydun Abbosiy va Islomiy Ozod universiteti prezidenti Muhammad Mehdi Tehronchiy ham vafot etgan.

Eronning davlat IRIB telekanali ham Natanzdagi yadroviy dastur uchun muhim bo‘lgan ob’ektlarda bir nechta portlashlar sodir bo‘lganini xabar qildi.

Eron hukumati esa Isroil tomonidan o‘z hududiga uyushtirilgan, tinch aholi, jumladan, olimlar va harbiylar halok bo‘lgan zarbalariga qattiq javob berishini ma’lum qildi.

O‘zbekistonning Eron va Isroildagi elchixonalari ushbu mamlakatlardagi fuqarolarga ogohlantirish bilan chiqib, qat’iy ehtiyot choralarini ko‘rishga chaqirdi. 

Shuningdek, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham fuqarolarga tegishli murojaat bilan chiqdi.

Oradan biroz vaqt o‘tib esa, Isroil Eronga qarshi navbatdagi hujumlarini ham boshladi. U Eron shimoli-g‘arbiga yangi va keng ko‘lamli zarbalar berdi. Ushbu hujumlar dronlar yordamida amalga oshirilgan. Tabriz aeroporti yaqinidagi temiryo‘l inshootlariga zarar yetgan, bu hududda havo mudofaa bazalari joylashgan.


Maqola muallifi

Teglar

Bin'yamin Netan'yaxu Pezeshkiyon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing