Putin Netanyaxu bilan gaplashib, uni muammolarni tinch yo‘l bilan hal qilishga chaqirdi
Olam
−
28 iyul 6181 3 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bugun, 28 iyul kuni Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati telefon suhbatidan so‘ng xabar berdi.
“Yaqin Sharqdagi keskin vaziyatning turli jihatlari muhokama qilindi. Rossiya tomoni mintaqada mavjud muammo va mojarolarni faqat tinch yo‘l bilan hal etish tarafdori bo‘lgan o‘zining qat’iy pozitsiyasini tasdiqladi”, deyiladi bayonotda.
Putin, shuningdek, Suriyaning yaxlitligi va suvereniteti muhimligini ta’kidlagan. Rossiya yetakchisi “xususan, Suriya Arab Respublikasining birligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlash, aholining barcha etnik va diniy guruhlari qonuniy huquq va manfaatlariga rioya qilish orqali uning ichki siyosiy barqarorligini mustahkamlash muhimligini ta’kidlagan”.
Ma’lumki, Suriya janubidagi vaziyat 13 iyul kuni Suvayda provinsiyasida badaviylar va druzlar o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlanganidan keyin keskinlashdi. 15 iyul kuni Suriya armiyasi viloyatning shu nomdagi ma’muriy markaziga kirib, vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida uni tozalashga kirishdi. Oradan ko‘p o‘tmay, Isroil viloyatdagi druzlarni himoya qilishga urinayotganini da’vo qilib, Suriya Qurolli kuchlarining harbiy karvonlariga zarba bera boshladi va 16 iyul kuni Suriya poytaxtidagi bir qancha strategik ob’ektlarni o‘qqa tutdi.
Shuningdek, Rossiya Prezidenti Moskvaning Eron yadro dasturi bo‘yicha muzokaralar yo‘li bilan yechim topishda ishtirok etishga tayyorligini ta’kidlagan.
“Eron-Isroil qarama-qarshiligining so‘nggi paytlarda kuchayganini hisobga olib, Rossiya tomoni Eron yadro dasturi bo‘yicha muzokaralar yo‘li bilan yechim izlashga to‘liq ko‘maklashishga tayyorligini ma’lum qildi”, deyiladi xabarda.
Isroil Eronning tinch yadroviy energetikani rivojlantirishga bo‘lgan suveren huquqini tubdan qabul qilmaydi, chunki Tehron olingan texnologiyalardan harbiy qurilishda foydalanadi, deb taxmin qiladi. Qo‘shma Shtatlar ham xuddi shunday pozitsiyada. 13 iyunga o‘tar kechasi Isroil Eronga qarshi harbiy operatsiya boshladi, bunga Eron javob qaytardi. To‘qqiz kundan keyin Qo‘shma Shtatlar mojaroga kirishdi va Eronning uchta yadroviy ob’ektiga hujum qildi. 24 iyunga kelib barcha tomonlar o‘t ochishni to‘xtatishni e’lon qilishdi, biroq umuman olganda, Yaqin Sharqda beqarorlik va bir-biriga nisbatan ishonchsizlik muhiti saqlanib qolmoqda.
Putin va Netanyaxu muloqotni davom ettirishga kelishib oldi.
“Rahbarlar xalqaro va ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan muloqotni davom ettirishga kelishib oldi”, deyiladi Rossiya tomoni bayonotida.
Isroil tomoni hozircha Netanyaxu va Putinning telefon suhbati haqida rasmiy axborot e’lon qilmadi.
Eslatib o‘tamiz, Putin va Netanyaxu joriy yilning 6 may kuni ham telefon orqali muloqot qilib, bir-birini Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan tabriklagandi. Kelasi oyda esa Isroilning Eronga hujum qilishi va Tehronning javob zarbasidan so‘ng taranglashgan ziddiyatli vaziyatda 13 iyun kuni Putin Netanyaxu bilan yana telefon orqali muloqot qildi. Rossiya rahbari o‘shanda Isroil Bosh vaziri bilan suhbatda muzokaralar jarayoniga qaytish va Eron yadro dasturi bilan bog‘liq barcha masalalarni faqat siyosiy va diplomatik yo‘llar bilan hal qilish muhimligini ta’kidladi, shuningdek, taranglikning yanada kuchayishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun vositachilik xizmatlarini ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.
Live
Barchasi