“Sekret”. Putin va Kim Chen In ittifoqi
Tahlil
−
14 Sentabr 2023
9385Kuni kecha butun dunyo e’tibori yana Rossiyaga qaratildi. Chunki 4 yildan beri mamlakatini tark etmayotgan Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In zirhli poyezdida Rossiyaga bordi.
Sentyabr oyi boshida g‘arb ommaviy axborot vositalarida Kim Chen Inning Rossiyaga borishi, Prezident Putin bilan ko‘rishishi va u bilan harbiy hamkorlikni muhokama qilishi kutilayotgani haqida xabarlar tarqalgandi. Biroq Kreml dastlab buni tasdiqlamadi. Kim Rossiyaga qarab yo‘lga chiqqanining ertasi kunigina Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov tilga kirib, yaqin kunlarda ikki davlat rahbarlari uchrashishini ma’lum qildi.
Xullas, Kim Chen In 10 sentyabrda Shimoliy Koreya harbiy rahbariyatining bir necha yuqori martabali xodimlari bilan zirhli poyezdda Pxenyanni tark etdi. U oldingi safar 2019 yilda ham Rossiyaga shunday poyezdda borgandi.
Mazkur poyezd 20 vagondan iborat bo‘lib, u portlashdan himoya qilish maqsadida po‘lat bilan qoplangan, poyezdning boshida va oxirida qo‘riqchilar joylashtirilgan.
Shunday qilib, Kim Chen Inning maxsus poyezdi 12 sentyabr kuni Rossiyaning Primorsk o‘lkasiga yetib keldi. Xasan stansiyasida KXDR rahbarini Tabiiy resurslar vaziri Aleksandr Kozlov kutib oldi.
Tantanali kutib olish marosimidan so‘ng, Kim vazir Kozlov va Primorsk o‘lkasi gubernatori Oleg Kojemyako bilan muzokara o‘tkazdi.
Ertasi kuni, 13 sentyabrda esa Kim Chen Inning poyezdi “Vostochniy” kosmodromi yaqinidagi stansiya tomon harakatlandi. Shu yerda u o‘zi bilan poyezdda olib kelgan Maybach limuziniga o‘tirib, Putin uni kutayotgan kosmodromga bordi. Eshik oldidagi qisqa salom-alikdan so‘ng, ular birgalikda Kosmodromdagi ob’ektlarni ko‘zdan kechirdi. Putinning o‘zi shimoliy koreyalik mavqedoshi kosmik texnologiyalarga katta qiziqish bildirayotganini aytgan.
Keyin Putin Kim Chen Inga Rossiyada ishlab chiqarilgan Aurus avtomobilini ko‘rsatdi. Kim Aurus’ning orqa o‘rindig‘iga o‘tirib mashinaga baho berdi.
Shundan so‘ng ikki davlat rahbarlarining delegatsiyalar ishtirokida va yakkama yakka muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Ular nima haqida gaplashib, nimalarga kelishgani noma’lum chunki suhbat yopiq eshiklar ortida kechdi. Bundan tashqari, uchrashuvlar so‘ngida hech qanday matbuot anjumani ham o‘tkazilmadi.
Putin oliy martabali mehmoni sharafiga rasmiy tushlik ham uyushtirdi. Shohona ziyofatda Kim Chen In Rossiyaning g‘alabasi, uning Prezidenti Vladimir Putinning salomatligi uchun qadah ko‘targan.
“Rossiya Federatsiyasining hurmatli Prezidenti, o‘rtoq Vladimir Vladimirovich Putinning mustahkam sog‘lig‘i, buyuk Rossiyaning yangi g‘alabasi, Rossiya-Koreya do‘stligining uzluksiz rivojlanishi va mustahkamlanishi, bu yerda hozir bo‘lgan barchaning salomatligi uchun qadah ko‘tarishni taklif qilaman, o‘rtoqlar”, degan Kim Chen In.
Vladimir Putin esa koreys va rus maqollarini qo‘shib “tost” aytdi.
“Koreyada “Kiyimning yangisi, do‘stning eskisi yaxshi” degan maqol bor. Bizning xalqimizda esa “Ikki yangi do‘stdan ko‘ra, bir eski do‘st afzal”, deyishadi. Bu xalq donoligi mamlakatlar o‘rtasidagi zamonaviy munosabatlarga to‘liq mos keladi. Rossiya Federatsiyasi va Koreya Xalq Demokratik Respublikasi o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni yanada mustahkamlash, xalqlarimiz farovonligi va totuvligi, o‘rtoq rais salomatligi uchun “tost” aytishni taklif etmoqchiman”, degan Rossiya Prezidenti.
Dasturxon ustida Kim Chen In mezbonni ham o‘z yurtiga taklif qildi. Pxenyandagi rasmiy nashrlar Putin taklifni qabul qilganini yozmoqda. Biroq Kreml voizi Dmitriy Peskov hozirda bunday rejalari yo‘qligini aytgan.
Shunday qilib, Putin va Kim Chen Inning muzokaralari tugadi. Biroq Kim darhol yurtiga qaytib ketgani yo‘q. U hali Komsomolsk-Amurga, fuqarolik va harbiy texnika ishlab chiqariladigan zavodlarga tashrif buyuradi. Putinning aytishicha, KXDR raisi u yerda qurol ishlab chiqarish jarayonini kuzatadi. Bundan tashqari, Kim Vladivostokdagi Rossiya Fanlar akademiyasining bir nechta ob’ektlarini ko‘zdan kechirishni ham maqsad qilgan.
G‘arb davlatlari va Shimoliy Koreyaning qo‘shnilari esa mazkur tashrifdan xavotir bildirmoqda. Chunki taxminlarga ko‘ra, Shimoliy Koreya Rossiyaga Ukraina bilan urushda foydalanishi uchun qurollar yetkazib berishi mumkin. Rossiya esa bunga javoban oziq-ovqat mahsulotlari hamda KXDRning kosmik loyihalari bo‘yicha ko‘mak beradi.
AQSH Kim Chen In hali Putin bilan uchrashmasdanoq Pxenyanni Rossiyaga qurol sotish oqibatlaridan ogohlantirgan va BMT Xavfsizlik Kengashida unga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishini aytgan edi.
Uchrashuvlar orasida esa Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov BMT Xavfsizlik Kengashida Rossiya va Xitoy KXDRga qarshi sanksiya joriy qilinishiga yo‘l qo‘ymasligini bildirgan.
Aytish joizki, BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan Shimoliy Koreyaga nisbatan joriy qilingan sanksiyalar qatoriga tabiiy gaz ta’minotiga embargo va qayta ishlangan neft mahsulotlari eksportini cheklash kabi ko‘plab choralar kiradi. Shuningdek, mamlakatdan dengiz mahsulotlari, to‘qimachilik, ko‘mir, temir rudasi, boshqa xom ashyo va foydali qazilmalar sotib olish, ishchi kuchini eksport qilish taqiqlangan. Taxminlarga ko‘ra, ushbu cheklovlarning barchasi KXDRni xom ashyo va tovarlar eksportidan keladigan daromadning 90 foizidan mahrum qiladi.
Qizig‘i shundaki, deyarli hech qaysi bir davlat bilan, prezidentlar bilan chiqishmaydigan Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In Rossiyaga nisbatan boshqacha pozitsiyasini namoyish etyapti. Bu uning Putin bilan ikkinchi bor ko‘rishishi. Shuningdek, uning Xitoy bilan ham aloqalari yomon emas.
Xo‘sh, mazkur tashrifning Rossiya-Ukraina urushiga ta’siri qanday bo‘ladi? Urush sabab dunyo mamlakatlaridan yakkalanib qolayotgan Putin nahotki, o‘ziga sherik sifatida hadeganda raketa uchiraveradigan Kim Chen Inni tanlasa. Buni faqat vaqt ko‘rsatadi. QALAMPR.UZ’ni kuzatishda davom eting, bu haqida albatta gapiramiz.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr