Putin Guterrish bilan gaplashdi. Mavzular orasida Duginaning o‘limi ham bor

Olam

image

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin va BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish bugun, 14 sentyabr kuni  telefon orqali muloqot qildi. Unda Zaporoje atom elektr stansiyasi (ZAES) atrofida yuzaga kelayotgan vaziyat muhokama qilingan. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi. 

"ZAES atrofidagi vaziyat, jumladan, 1 sentyabr kuni MAGATE (Xalqaro atom energiyasi agentligi – tahr.) delegatsiyasining tashrifi yakunlari kontekstida muhokama qilindi. Vladimir Putin agentlik bilan konstruktiv hamkorlikni ijobiy baholadi va ZAES ob’ektlarining xavfsizligi va jismoniy himoyasi bo‘yicha Rossiya tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirdi", deydi Kreml. 

Avvalroq, BMT Bosh Assambleyasining 77-sessiyasi boshlanishi munosabati bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Guterrish MAGATE, Rossiya va Ukraina ZAES xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha muzokaralar olib borayotganini aytgandi. 

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti va BMT Bosh kotibi Yelenovkadagi ukrainalik harbiy asirlar saqlanayotgan va Kiyevning o‘zi tomonidan hujumga uchragan tergov izolyatori joyiga missiya yuborish masalasini muhokama qildi. 

“29 iyul kuni Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan Ukraina harbiy asirlari saqlanayotgan Yelenovkadagi tergov izolyatoriga raketa zarbasi berilganligi munosabati bilan BMT faktlarni aniqlash missiyasini tashkil etish masalasi ko‘rib chiqildi. Antoniu Guterrish mustaqil va xolis tergov o‘tkazish uchun BMT ekspertlarining voqea joyiga borishiga faol tayyorgarlik ko‘rilayotganiga ishontirdi”, deyiladi xabarda. 

Suhbat chog‘ida tomonlar Rossiya-BMT yo‘nalishi bo‘yicha turli darajalarda kelgusida ishlash to‘g‘risida ham kelishib olgan. 

Oziq-ovqat ta’minoti

Putin va Guterrish oziq-ovqatga muhtoj davlatlarning ehtiyojlarini birinchi o‘ringa qo‘yish muhimligini ta’kidlab, don kelishuvini muhokama qilgan. 

"Asosiy e’tibor Ukraina g‘allasini Qora dengiz portlaridan eksport qilish va Rossiya oziq-ovqat va o‘g‘itlarini eksport qilish bo‘yicha Istanbul paketli kelishuvlarini amalga oshirishga qaratildi. Ikkala tomon ham ustuvor vazifa sifatida ehtiyojlarni ta’minlash muhimligini ta’kidladilar. Afrika, Yaqin Sharq va Lotin Amerikasi mamlakatlari oziq-ovqatga muhtoj”, deyiladi xabarda. 

Guterrish BMT Kotibiyati va ixtisoslashgan idoralari tomonidan Rossiya qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va o‘g‘itlarini jahon bozorlariga yetkazib berish yo‘lidagi barcha to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatlar haqida batafsil ma’lumot berib, ushbu muammoni hal etishga to‘liq sodiqligini ta’kidlagan.  

“Global oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash manfaatlari yo‘lida Rossiya va BMTning ixtisoslashgan tuzilmalari o‘rtasida yaqin hamkorlikni davom ettirishning dolzarbligi tasdiqlandi”, deya yozmoqda Kreml. 

Putin BMT Bosh kotibi bilan suhbatda jurnalist Darya Duginaning o‘ldirilishini ham qabih va shafqatsiz deb atadi. O‘z navbatida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi ham bu jinoyatni qoralagan. 

Duginaning o‘ldirilishi

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 20 avgust kuni rus faylsufi va siyosatchisi Aleksandr Duginning qizi Darya Dugina Toyota Land Cruiser avtomobiliga o‘rnatilgan qo‘lbola portlovchi uchkuna portlashi oqibatida vafot etdi. 

O‘sha kuni Dugina otasi bilan birga Prezidentning Madaniy tashabbuslar jamg‘armasi, Moskva viloyati Madaniyat va turizm vazirligi hamda Odinsovo ma’muriyati tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan “An’ana” vatanparvarlik festivalida qatnashgan. Tadbir tugagandan so‘ng, Dugin va qizi birga ketishi kerak bo‘lgan, biroq ma’lum bir sabablarga ko‘ra, ular boshqa-boshqa mashinalarda yo‘lga chiqqan.

Tan olinmagan Donetsk xalq respublikasi rahbari Denis Pushilin o‘zining Telegram'dagi sahifasida Darya Duginaning o‘limida Ukrainani ayblab chiqdi. 

Rossiya Federal xavfsizlik xizmatiga ko‘ra, Darya Duginaning o‘ldirilishini Ukraina maxsus xizmatlari tayyorlagan, ijrochi jinoyatdan keyin Estoniyaga qochib ketgan Ukraina fuqarosi Natalya Vovk. 

Qotillik sodir bo‘lgan kuni Vovk va Shaban "An’anaviy" adabiy va musiqa festivalida bo‘lishdi, u yerda Dugina faxriy mehmon sifatida ishtirok etdi. 21 avgust kuni Dugina boshqaruvidagi Toyota Land Cruiser Prado avtomobilining boshqariladigan portlashidan so‘ng, Vovk va uning qizi Pskov viloyati orqali Estoniyaga jo‘nab ketgan.

Maxfiy xizmatning aniqlik kiritishicha, Duginaning o‘ldirilishini uyushtirish va uning turmush tarzi haqida ma’lumot olish maqsadida Vovk va uning qizi Moskvada marhum yashagan uyda kvartira ijaraga olgan. Jinoyatchilar jurnalistni kuzatish uchun Mini Cooper avtomobilidan foydalangan. Shu bilan birga, Rossiyaga kirishda Donetsk Xalq Respublikasi raqamlari ishlatilgan - E982XN DPR, Moskvada – Qozog‘iston raqamlari 172AJD02 va chiqishda – Ukraina AH7771IP.  

Prezident Vladimir Putin Darya Duginaning oilasiga hamdardlik maktubini yo‘lladi va marhuma jurnalistni "Jasorat" ordeni bilan taqdirladi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin BMT Antoniu Guterrish Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

87

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing