Putin Germaniya va Italiya rahbarlariga gazni nega rublda sotmoqchiligini tushuntirdi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Germaniya kansleri Olaf Shols va Italiya Bosh vaziri Mario Dragi bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, gap Moskvaning gaz uchun to‘lovlarni rublga o‘tkazish qarori haqida bo‘lgan.

“Hisob-kitoblar tartibiga o‘zgartirishlar xalqaro huquq normalarini buzgan holda Rossiya bankining valyuta zaxiralari Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar tomonidan muzlatilgani sababli kiritilmoqda”, deyiladi Kreml xabarida.

Shols bilan suhbatda Putin bu qaror Rossiya gazining yevropalik importchilari uchun shartnoma shartlarini yomonlashishiga olib kelmasligi kerakligini ta’kidlagan. Tomonlar bu masalani ikki davlat ekspertlari yana muhokama qilishiga kelishib olgan.

Rossiya Prezidenti Italiya Bosh vaziriga ham shunday tushuntirishlar bergan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 23 mart kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin hukumat va Rossiya Federatsiyasi Markaziy bankiga Rossiya gazining Yevropa davlatlariga yetkazib berilishi uchun to‘lovlarni rublga o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berdi. Bunga G‘arb davlatlarining Ukrainadagi urush ortidan Moskvaga qarshi joriy qilgan sanksiyalari sabab bo‘ldi.

Shundan so‘ng, Germaniya kansleri Olaf Shols ham Germaniya gazni rublda sotib olmasligini e’lon qildi. Uning ortidan Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ham rus gazini rubldan sotib olmasligini aytdi.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin avvalroq Vazirlar Mahkamasi, Markaziy bank va “Gazprom” kompaniyasiga 31 martgacha Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va cheklov choralarini joriy qilgan boshqa mamlakatlarga gaz yetkazib berish uchun to‘lov valyutasini o‘zgartirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishni topshirgan edi.

Shu o‘rinda aytish joizki, Rossiya gazining xaridorlari hisob-kitoblarni rublga o‘tkazish bo‘yicha turlicha pozitsiyani egalladi. Germaniya kansleri Olaf Sholsning ta’kidlashicha, shartnomalarda xorijiy valyutalar “asosan yevro va dollar” ko‘rsatilgan. Germaniya Iqtisodiyot vazirligi vakili Robert Severin import qiluvchilar shartnomalar bajarilishini kafolatlashlari shartligini ta’kidladi. Italiya bosh vaziri Mario Dragi hisob-kitoblarni rublga o‘tkazishni shartnomalarning buzilishi deb atadi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

791

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing