Putin Eronning muvaqqat rahbariga telefon qildi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bugun, 20 may kuni Eron ijroiya hokimiyati rahbari vazifasini bajaruvchi Muhammad Moxber bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.

Rossiya Prezidenti samolyot halokatida Eron Prezidenti Ibrohim Raisiy va boshqa qator davlat arboblarining fojiali halok bo‘lgani munosabati bilan Eron oliy rahbari Ali Xomanaiy, birinchi vitse-prezident Muhammad Moxber va butun Eron xalqiga hamdardlik bildirdi.

"Vladimir Putin Rossiya va Eron o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni rivojlantirishga bebaho shaxsiy hissa qo‘shgan ishonchli hamkor sifatida Ibrohim Raisiyni yaxshi bilishini va qadrlashini ta’kidladi", deyiladi xabarda.

O‘z navbatida, Muhammad Moxber mamlakat uchun og‘ir damlarda hamdardlik va qo‘llab-quvvatlash so‘zlari uchun samimiy minnatdorlik bildirgan. Ikkala tomon ham ikki mamlakat xalqlari farovonligi yo‘lida keng qamrovli Rossiya-Eron hamkorligini yanada izchil mustahkamlashga intilishlarini ta’kidlagan.

Ma’lumot uchun, kecha, 19 may kuni Eron Prezidentini olib ketayotgan vertolyot Eron shimoli-g‘arbiy qismida qiyin qo‘nishni amalga oshirdi. Eron delegatsiyasi Ozarbayjondan qaytayotgan edi, u yerda Raisiy Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bilan uchrashgan. Umuman olganda, Prezident korteji uchta vertolyotdan iborat bo‘lib, ulardan ikkitasi xavfsiz qo‘ngan.

Qidiruv operatsiyasi 12 soatdan ortiq davom etdi. 20 may kuni Eron Qizil yarim oy jamiyati vertolyot qulagan joyni topdi. Raisiy, mamlakat Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon, Sharqiy Ozarbayjon viloyati gubernatori Malik Rahmati va boshqa rasmiylar vertolyot qulashi oqibatida halok bo‘lgan. Hammasi bo‘lib, bortda kamida sakkiz kishi, jumladan, ikki uchuvchi va bir texnik xodim bo‘lgan.

Vertolyot qulagan joyda qutqaruv ishlari yakunlandi. Qurbonlarning jasadlari Sharqiy Ozarbayjon viloyatining markazi Tabrizga yetkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Eronning amaldagi vitse-prezidenti Muhammad Moxber vaqtinchalik Eron Prezidenti bo‘lishi ma’lum qilingandi. Eron Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ali Bageri Kani esa sobiq tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon vafotidan keyin vaqtinchalik tashqi ishlar vaziri vazifani bajaruvchi etib tayinlandi. Mamlakat parlamenti Ichki ishlar qo‘mitasi raisi Muhammad Solih Jokar Eronda navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari kelasi 50 kun ichida bo‘lib o‘tishi kerakligini aytdi. Eron oliy diniy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy Prezident Ibrohim Raisiy va uning hamrohlari vertolyot halokatida vafot etgani munosabati bilan 5 kunlik motam e’lon qildi. Raisiyning dafn marosimi ertaga, 21 may kuni Tabriz shahrida bo‘lib o‘tishi bildirildi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Eron Vladimir Putin Muhammad Moxber

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing