Putin Erdo‘g‘anga urush qachon tugashini aytdi
Olam
−
06 mart 2022
52357Kiyev urushni to‘xtatsa va Rossiyaning talablarini bajarsagina Moskva Donbassni himoya qilish bo‘yicha maxsus operatsiyani to‘xtatishi mumkin. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan bo‘lgan telefon orqali suhbatida aytdi.
Kreml Matbuot xizmatiga ko‘ra, Putin Erdo‘g‘an bilan suhbatda Rossiya tomoni Ukraina hukumati va xorijiy hamkorlar bilan mojaroni hal qilish uchun muloqotga tayyorligini tasdiqlagan.
“Rossiya Qurolli Kuchlari tinch aholining hayotini saqlab qolish va xavfsizligini ta’minlash uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilmoqda, aniq zarbalar faqat harbiy infratuzilma ob’ektlariga berilmoqda. Kiyev urushni to‘xtatsa va Rossiya talablarini bajarsagina Donbassni himoya qilish bo‘yicha maxsus operatsiyani to‘xtatishi mumkin”, degan Rossiya Prezidenti.
Shuningdek, Turkiya Prezidenti G‘arbning rus madaniyati va uning arboblarini kamsitish kampaniyasini tanqid qilgan. Putin esa bunga javoban Rossiya tomoni turk fuqarolarini janglar ketayotgan hududlardan xavfsiz evakuatsiya qilishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirgan.
Suhbat davomida Rajab Toyib Erdo‘g‘an Turkiya Ukraina muammosini tinch yo‘l bilan hal qilishga imkon qadar ko‘proq hissa qo‘shishni xohlashini aytgan.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi