Putin Erdo‘g‘an bilan Qorabog‘dagi vaziyatni muhokama qildi

Olam

image

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an kecha, 10 noyabr kuni telefon orqali muloqot o‘tkazdilar. Bu haqda har ikki davlat rahbarlari Matbuot xizmati xabar berdi

Vladimir Putin Erdo‘g‘anga Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan bilan 9 noyabr kuni qabul qilingan uch tomonlama bayonotda yozilgan kelishuvlarning mohiyati haqida ma’lumot berdi. 

Kremlga ko‘ra, Rajab Toyib Erdo‘g‘an Rossiyaning Tog‘li Qorabog‘ mojarosini uzoq muddatli va har tomonlama hal qilish uchun yaxshi zamin yaratadigan vositachilik harakatlarini yuqori baholagan. 

Turkiya Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmatining yozishicha, Rajab Toyib Erdo‘g‘an Rossiya, Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida qabul qilingan bitimga ko‘ra, Yerevan o‘t ochishni to‘xtatish va qo‘shma bayonotdagi muhim va’dalarga rioya qilishi zarurligini ta’kidlagan. 

Shuningdek, Rajab Toyib Erdo‘g‘an Armaniston tomonidan bosib olingan hududlarga ozarbayjonliklarning qaytarilishi va Ozarbayjon bilan Naxichivan o‘rtasida yo‘lak ochish muhimligini qayd etgan. 

Qon to‘kilishini to‘xtatishga imkon bergan to‘liq sulh to‘g‘risida kelishuvga erishish muhimligi alohida qayd etilgan. Bayonotda ko‘zda tutilgan chora-tadbirlar majmuini amalga oshirish doirasida yanada yaqin o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida kelishib olingan. 

Prezidentlar Suriya yo‘nalishidagi hamkorlik masalalarini, shu jumladan siyosiy jarayon rivojiga ko‘maklashish va insonparvarlik muammolarini hal qilishni muhokama qildilar. 

Suhbatda koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurashning dolzarb jihatlariga ham e’tibor qaratilgan. Ikki mamlakat sog‘liqni saqlash vazirliklari va boshqa ixtisoslashgan tuzilmalar o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish, shu jumladan vaksinalarni birgalikda ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik tasdiqlangan. 

Tog‘li Qorabog‘ mojarosi

Tog‘li Qorabog‘da Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi navbatdagi qurolli to‘qnashuv joriy yilning 27 sentyabr kuni boshlangandi.

Rasmiy Bakuga ko‘ra, Armaniston Qurolli Kuchlari joriy yilning 27 sentyabr kuni soat 06:00 dan boshlab Ozarbayjonga qarshi keng ko‘lamli provokatsiyalarni amalga oshirdi, butun front bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini, shuningdek, oldingi chiziq zonasida joylashgan aholi punktlarini o‘qqa tutdi.

Armaniston hujum Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan boshlanganini aytdi. Ozarbayjon esa qurolli to‘qnashuvga nisbatan javob hujumlari boshlaganini rasman e’lon qildi.

Holat bo‘yicha Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev xalqqa murojaat bilan chiqib, to‘qnashuv Ozarbayjonning provokatsiyasi emasligini aytdi.

Nikol Pashinyan esa mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik e’lon qildi.  Buning ortidan Ilhom Aliyev mamlakatda harbiy holat va komendantlik soati e’lon qilish haqidagi farmonga imzo chekdi. Shuningdek, Aliyev 28 sentyabr kuni qisman safarbarlik e’lon qilish haqidagi hujjatni imzoladi

Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida keskinlik avj olgandan keyin Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ikki mamlakat Tashqi ishlar vazirlari bilan telefon orqali muloqot qilib, ularni muzokaralar stoliga qaytishga chaqirgan edi. Prezident Vladimir Putin esa Nikol Pashinyan bilan muloqot qilib, masalani tinch yo‘l bilan hal etishni tavsiya qildi. Bu orada Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev asosiy kuch va dastakni Turkiya Respublikasidan olayotgani ma’lum bo‘ldi. Shu kuni Turkiya va Ozarbayjon Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar va Erdo‘g‘an turk xalqi va davlati Ozarbayjonni bor imkoniyati bilan qo‘llab-quvvatlashini eslatdi

Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi Tog‘li Qorabog‘ mojaroli zonasidagi vaziyat ko‘p jihatdan Rossiyaga bog‘liq. Rossiya Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi, shuningdek Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Minsk guruhining hamraisi. 1 oktyabr kuni guruh hamraislari – AQSH, Rossiya va Fransiya Tog‘li Qorabog‘ masalasida qo‘shma bayonot e’lon qildilar.

Tomonlar uch marta sulh tuzdi. Ammo ularning hech biri muvaffaqiyatli bo‘lmadi.

Joriy yilning 8 noyabr kuni Ozarbayjon Tog‘li Qorabog‘dagi muhim ahamiyatga ega Shusha shahrini ozod qilishi bilan harbiy harakatlarda tub burilish yasaldi. Endilikda Ozarbayjon harbiylari to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasining ma’muriy markazi Xonkandi (Stepanakert)ga hujum qilishi mumkin bo‘lib qoldi.

Oradan ko‘p o‘tmay esa tomonlar Rossiya vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatish va harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha sulhga erishdi. Sulh bitimiga ko‘ra, 10 noyabr soat 00:00 dan boshlab Qorabog‘da harbiy harakatlar butunlay to‘xtatildi, Armaniston Tog‘li Qorabog‘dagi 3 ta tumanni Ozarbayjonga qaytarish majburiyatini oldi.

Shuningdek, Qorabog‘ga Rossiya tinchlikparvar kuchlari kiritiladi. Ular Armaniston va Tog‘li Qorabog‘ni bog‘lovchi yo‘lakki joylashtiriladi. Rasmiy Baku tez orada nazoratiga o‘tuvchi Lochin tumani hududida barpo qilinadigan yo‘lakdan har ikki tomon fuqarolari xavfsiz o‘tishini ta’minlashga va’da berdi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Rajab Toyib Erdo'g'an Qorabog' to'qnashuvi

Baholaganlar

59

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing