Putin Braziliyaga borishdan cho‘chidi
Olam
−
29 iyun 11905 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin joriy yilning iyul oyida Braziliyada o‘tkaziladigan BRICS sammitiga shaxsan bormaydi, balki unda onlayn tarzda, videokonferensiya orqali ishtirok etadi. Bu haqda jurnalist Pavel Zarubin xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Putinning sammitga bormasligiga asosiy sabab – Xalqaro jinoiy sud (XJS) tomonidan 2023 yilda chiqarilgan hibsga olish orderidir. Braziliya esa XJS a’zosi bo‘lgani sababli, u yerga boradigan bo‘lsa, rasmiy Braziliya Prezidentni hibsga olish majburiyatiga ega bo‘lib qoladi. Rossiya esa bu orderni tan olmaydi va u “hech qanday yuridik kuchga ega emas” deb hisoblaydi.
Shuningdek, jurnalist Pavel Zarubin bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Putin yaqin haftalarda videokonferensiya shaklida BRICS sammiti doirasida chiqish qiladi. Shuningdek, u Donbass hududini rivojlantirish masalasida yig‘ilish o‘tkazadi, hukumat a’zolari bilan majlis va Xavfsizlik kengashi yig‘ilishlarida qatnashadi, shuningdek, Strategik tashabbuslar agentligi bilan uchrashuv rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, BRICS 2006 yilda Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida tashkil etilgan. 2024 yil boshida yangi davlatlarning qo‘shilishi bilan birlashma BRICS+ deb atala boshlandi. Tashkilotga Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy Xalq Respublikasi, Janubiy Afrika Respublikasi, Birlashgan Arab Amirliklari, Eron, Misr, Efiopiya va Indoneziya a’zo hisoblanadi. O‘zbekiston esa tashkilotda hamkor davlat sifatida ro‘yxatdan o‘tgan. Tashkilotning asosiy maqsadi jadal rivojlanayotgan iqtisodiyotga ega davlatlarni birlashtirish, ularning jahon sahnasidagi rolini kuchaytirish, siyosatni muvofiqlashtirish va global boshqaruvning muqobil mexanizmlarini yaratishdan iborat. Shu yilgi sammit 6–7 iyul kunlari Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tkaziladi.
Rus OAvlariga ko‘ra, sammitga Putinning o‘rniga Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ishtirok etadi hamda Rossiya delegatsiyasiga rahbarlik qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nigeriya BRICSʼga hamkor davlat sifatida qo‘shilgan to‘qqizinchi davlatga aylangandi.