Putin bir shart bilan global oziq-ovqat inqirozini hal qilishini aytdi
Olam
−
26 may 2022
54650Rossiya mamlakatga siyosiy sabablarga ko‘ra kiritilgan sanksiyalar bekor qilinsa, oziq-ovqat inqirozini yengib o‘tishga hissa qo‘shishga tayyor. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Italiya Bosh vaziri Mario Dragi bilan telefon orqali qilgan muloqotida ma’lum qildi.
Putinning so‘zlariga ko‘ra, dunyodagi oziq-ovqat inqirozi Rossiyaga qarshi sanksiyalar, shuningdek, COVID-19 pandemiyasining oqibatlari tufayli yomonlashgan.
Suhbat chog‘ida Putin Rossiyani jahon bozorlariga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish bilan bog‘liq muammolarda asossiz ayblanayotganini ham ta’kidlagan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yuzaga kelgan qiyinchiliklar, jumladan, ishlab chiqarish va logistika zanjirlari faoliyatidagi nosozliklar pandemiya davrida G‘arb davlatlarining moliyaviy siyosati bilan bog‘liq.
“AQSH va Yevropa Ittifoqi tomonidan Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy etilishi munosabati bilan vaziyat yomonlashdi”, deya qo‘shimcha qilgan Prezident.
Biroq, agar G‘arb Rossiyadan “siyosiy sabablarga ko‘ra cheklovlar”ni olib tashlasa, mamlakat “g‘alla va o‘g‘it eksporti orqali oziq-ovqat inqirozini yengib chiqishga katta hissa qo‘shishga tayyor”, degan u.
Bundan tashqari, Italiya Bosh vaziri va Rossiya Prezidenti energiya xavfsizligi masalalarini muhokama qilgan. Putinning ta’kidlashicha, Moskva Italiyaga “shartnomalarda belgilangan narxlarda” uzluksiz tabiiy gaz yetkazib berishni ta’minlashga tayyor.
Germaniya Iqtisodiyot vaziri Robert Xabek va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti vakili Devid Nabarro avvalroq Ukrainada sodir bo‘layotgan voqealar tufayli global oziq-ovqat halokati xavfi haqida ogohlantirib, 94 davlatga kuchli ocharchilik tahdid solayotganini qo‘shimcha qilgandi.
“Bloomberg”ga ko‘ra, Rossiya va Ukraina jahonda g‘alla ekinlarining asosiy eksportchilari bo‘lib, bu davlatlar o‘rtasidagi ziddiyat xalqaro maydonda bug‘doy ta’minoti barqarorligiga tahdid solmoqda.
Global eksportning 30 foizi shu ikki davlat hissasiga to‘g‘ri keladi. Azov va Qora dengizdagi Rossiya bosib olgan ukrain portlari ukrain va rus bug‘doyini xalqaro bozorga eltadigan asosiy eksport marshrutidir.
Rossiya va Ukraina birgalikda yiliga 112 million tonnaga yaqin bug‘doy ishlab chiqaradi. Bu AQSH va Kanada bozorlarining umumiy hajmidan uch barobar ko‘p. Jahon bug‘doy savdosining chorak qismidan ko‘prog‘i, makkajo‘xori savdosining 20 foizi va kungaboqar yog‘i savdosining 80 foizi mazkur ikki davlat hissasiga to‘g‘ri keladi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi