Putin bilan uchrashgan To‘qayev endi Toshkentga kelyapti
Jamiyat
−
13 noyabr 2025 7109 1 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev 14-16 noyabr kunlari davlat tashrifi bilan Toshkentda bo‘ladi. Bu haqda Oqo‘rda va O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmatlari xabar berdi.
Tashrif dasturiga muvofiq, oliy darajadagi muzokaralar hamda O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilari raisligida Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishi o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Kun tartibidagi asosiy mavzu – savdo, sanoat kooperatsiyasi, transport va logistika, energetika, qishloq xo‘jaligi, suv resurslari, madaniy-gumanitar loyihalar kabi ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni chuqurlashtirish.
Mintaqaviy va global siyosatning dolzarb masalalari, ko‘p tomonlama formatlar doirasidagi hamkorlik yuzasidan fikr almashiladi. Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi va qator qo‘shma loyihalarni ishga tushirish, O‘zbekiston – Qozog‘iston strategik sheriklik hamda ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan hujjatlar to‘plamini imzolash ko‘zda tutilgan.
16 noyabr kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida ham ishtirok etadi.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev 11-12 noyabr kunlari davlat tashrifi bilan Moskvada bo‘lgandi. Rossiya va Qozog‘iston Prezidentlari Vladimir Putin hamda Qosim-Jomart To‘qayev mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarni to‘liq strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga ko‘tarish haqidagi deklaratsiyani imzoladi.