Rossiya va Qozog‘iston aloqalari ittifoqchilik darajasiga ko‘tarildi

Olam

image

Rossiya va Qozog‘iston Prezidentlari Vladimir Putin hamda Qosim-Jomart To‘qayev mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarni to‘liq strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga ko‘tarish haqidagi deklaratsiyani imzoladi. Bu haqda ikki davlat rahbarlarining matbuot xizmatlari xabar berdi.

Imzolash marosimi Kreml saroyida ikki yetakchining muzokaralaridan so‘ng bo‘lib o‘tgan.

To‘qayev bu hujjatni Moskvaga safarining asosiy maqsadlaridan biri deb atagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, deklaratsiya ikki tomonlama munosabatlarda yangi davrni boshlab beradi, o‘zaro ishonchning beqiyos darajasini tasdiqlaydi va har sohada yanada yaqin hamkorlik qilishga tayyorlikni ko‘rsatadi.

Kreml saytida e’lon qilingan hujjat to‘rt yo‘nalishda tuzilgan – siyosat, xavfsizlik va iqtisodiyot, ilg‘or texnologiyalar hamda gumanitar soha. Unda tomonlar xalqaro huquq me’yorlariga amal qilgan holda adolatli va ko‘p qutbli dunyo tartibini shakllantirishga sodiqligini bildirgan.

Rossiya va Qozog‘iston Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotini mintaqaviy barqarorlikni saqlashdagi asosiy mexanizm deb bilishlarini ta’kidlagan hamda tashkilot salohiyatini kuchaytirishga intilishlarini qayd etgan. 

Shuningdek, tomonlar biologik va axborot xavfsizligi yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirishga hamda kosmosda qurol joylashtirilishining oldini olish bo‘yicha birgalikda harakat qilishga kelishib olgan.

Ikkala mamlakat siyosiy ta’sirlardan holi barqaror xalqaro transport yo‘laklarini shakllantirish muhimligini e’tirof etgan. Bu yo‘nalishda yagona Yevroosiyo transport-logistika tizimini yaratish hamkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida qayd etilgan.

Deklaratsiyada, shuningdek, tomonlar Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining xalqaro nufuzini oshirish va milliy iqtisodiyotlarning raqobatbardoshligini kuchaytirish uchun birgalikda ishlashga kelishgani aytiladi.

Rossiya va Qozog‘iston energetika sohasidagi hamkorlikni – neft, gaz, ko‘mir va elektr energiyasi bo‘yicha yanada mustahkamlashga, shuningdek, energiya o‘tish jarayonlari uchun zarur xomashyolarni ishlab chiqarish va yetkazib berishda qo‘shma zanjirlarni shakllantirishga qaror qilgan.

Tomonlar, shuningdek, davlatlarning suveren immunitetlari va mulki, jumladan zaxiralari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarga qat’iy rioya etilishi lozimligini tasdiqlagan.

Eslatib o‘tamiz, Qosim-Jomart To‘qayev 11 noyabr kuni Moskvaga tashrif buyurgandi. Birinchi kuni u Putin bilan ikki soatga yaqin norasmiy muloqot o‘tkazdi. 12 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan rasmiy uchrashuvda esa siyosiy, iqtisodiy, investitsion va gumanitar masalalarga oid keng qamrovli masalalar muhokama qilindi. Vladimir Putin suhbatni “mazmunli va samarali” deb atadi.


Maqola muallifi

Teglar

Kreml' Rossiya Qozog'iston Vladimir Putin Qosim-Jomart To'qaev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing