Putin Baydenga “vizov” tashladi
Olam
−
18 mart 2021
28900Rossiya Prezidenti Vladimir Putin AQSH rahbari Jo Baydenga munozaralarni jonli efirda davom ettirishni taklif qildi. Bu haqda Putinning o‘zi bugun, 18 mart kuni “Rossiya 24” telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Putin yanvar oyida Bayden bilan bo‘lgan telefon orqali suhbat AQSH tomonining tashabbusi ekanini eslab o‘tgan.
“Men Prezident Baydenni munozaralarimizni davom ettirishga taklif qilmoqchiman, lekin bir shart asosida: bahsni jonli efirda, onlayn ravishda amalga oshiramiz. Ammo kechiktirmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri, ochiq bahs asosida”, deydi Putin.
Putin Bayden bilan ertaga bo‘lsa ham ushbu bahsni uyutirishga tayyor ekanini aytgan.
“Men buni (jonli efirdagi bahsni – tahr.) uzoq kelajakka tashlab qo‘ymagan bo‘lar edim. Dam olish kunlari taygaga borishni, u yerda biroz dam olishni xohlayman, lekin ertaga ham, aytaylik, dushanba kuni ham [jonli efirdagi munozarani] amalga oshirish mumkin”, deya qo‘shimcha qildi Rossiya Prezidenti.
Putin Rossiya har qanday vaqtda ushbu efirga tayyor ekanini ta’kidlagan.
“Marhamat, biz Amerika tomoni uchun qulay bo‘lgan har qanday vaqtda tayyormiz va hoziroq Tashqi ishlar vazirligiga tegishli ko‘rsatmalarni beraman”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Jozef Bayden ABC telekanaliga bergan intervyusida Putinni “qotil” deb bilishi hamda Rossiya rahbari Amerika prezidentlik sayloviga aralashgani uchun tovon to‘lashini ta’kidlagandi.
Bunga javoban Putin Baydenga sog‘lik tilab, kim birovni haqoratlasa, o‘zi shunaqa ekanini qo‘shimcha qildi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Putinning taklifidan xabar topgan Oq uy Bayden yertaga, 19 mart kuni band ekanini ma’lum qildi.