Putin AQSH bilan plutoniy bo‘yicha kelishuvni bekor qildi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin AQSH bilan plutoniyni utilizatsiya qilish bo‘yicha tuzilgan bitimni bekor qilish (denonsatsiya) to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Tegishli hujjat bugun, 27 oktyabr kuni huquqiy axborot portalida e’lon qilindi.

“Mudofaa maqsadlarida endilikda zarur bo‘lmagan plutoniyni utilizatsiya qilish, undan foydalanish va bu sohada hamkorlik qilish to‘g‘risida Rossiya Federatsiyasi hukumati hamda Amerika Qo‘shma Shtatlari hukumati o‘rtasidagi bitim denonsatsiya qilindi”, deyiladi hujjatda.

Davlat dumasi ushbu qarorni joriy yilning 8 oktyabrida ma’qullagan, 22 oktyabr kuni esa uni Federatsiya kengashi tasdiqlagan.

Ma’lumot uchun, mazkur bitim 2000 yilda imzolangan, 2011 yilda ratifikatsiya qilingan. Unga ko‘ra, Rossiya va AQSH yadroviy arsenallarni qisqartirishdan so‘ng qolgan 34 tonna harbiy maqsadli plutoniyni utilizatsiya qilish majburiyatini olgan.

2016 yilda Putin farmoni bilan bitimning amal qilishi to‘xtatilgan. Sabab sifatida AQSHning Rossiyaga nisbatan sanksiyalar joriy etgani, Ukrainani qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi qonunni qabul qilgani, NATOni sharqqa kengaytirgani, AQSH harbiy ishtirokining Sharqiy Yevropa davlatlarida kuchaygani va shuningdek, plutoniyni utilizatsiya qilish tartibini Rossiyaning roziligisiz o‘zgartirishga uringani ko‘rsatilgan.
 
Rossiya bitimni qayta tiklash uchun bir qator shartlarni qo‘ygan: 2000 yil 1 sentyabrdan keyin NATOga qo‘shilgan davlatlardagi AQSH harbiy infratuzilmasini qisqartirish, 2012 yilda qabul qilingan “Magnitskiy to‘g‘risidagi qonun”ni va 2014 yilda qabul qilingan “Ukraina erkinligini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi qonun”ni bekor qilish, shuningdek, Rossiyaga qarshi sanksiyalarni olib tashlash va ular keltirgan zararni qoplash.

Qonunga ilova qilingan tushuntirish xatida qayd etilishicha, AQSH ushbu shartlarning birortasini ham bajarmagan.

“Bundan tashqari, Qo‘shma Shtatlar Rossiyaga qarshi yangi qator choralarni ko‘rdi, bu esa bitim tuzilgan paytdagi strategik muvozanatni tubdan o‘zgartirib, strategik barqarorlikka yangi tahdidlar tug‘dirdi”, deyiladi hujjatda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Moliya vazirligi Rossiyaning “Rosneft” va “Lukoyl” kompaniyalariga nisbatan qo‘shimcha sanksiyalar kiritgan edi. Bundan tashqari, Donald Tramp Rossiya va Ukrainaga murojaat qilib, Moskva va Kiyev Rossiya-Ukraina mojarosini hal etishda oqilona yo‘l tutishlari kerakligini aytgan.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin sanksiyalar joriy etilishiga munosabat bildirib, ular mamlakati iqtisodiyotining holatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmasligini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Vladimir Putin plutoniy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing