Putin “harbiy operatsiya” bo‘yicha har qanday muzokaraga tayyor – Peskov
Olam
−
22 mart 2022
13818Moskva Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning xorijiy parlamentlardagi nutqi yuzasidan G‘arb davlatlari bilan hech qanday muzokara olib bormayapti. Shu bilan birga, davlat rahbari Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha Rossiya pozitsiyasiga oydinlik kiritish uchun har qanday darajadagi aloqalarga ochiq. Bu haqda Putinning Matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.
“Hech qanday muzokaralar olib borilmayapti. Ayni paytda Rossiya Prezidenti bu masalada Rossiyaning pozitsiyasini aniqlashtirish, topshiriqning maqsadlari va harbiy maxsus operatsiya sabablarini oydinlashtirish uchun har doim istalgan darajadagi aloqalarga ochiq bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi. Aslida u buni bir necha bor namoyish ham etdi”, deydi Peskov.
Shuningdek, Kreml rasmiysi G‘arb bilan muzokaralarni Rossiya boshlamasligini va buni xohlamasligini ham aytdi.
“Biz bu borada tashabbus ko‘rsata olmaymiz va buni istamaymiz ham. Ayniqsa, bu yerda gap, so‘nggi haftalarda mamlakatimizga qarshi o‘ta dushmanona qadamlar qo‘ygan davlatlar haqida ketayotganda”, deydi Peskov.
Avvalroq, Vladimir Putin O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Turkiya Prezidenti Rajab-Toyib Erdo‘g‘an va Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi bilan telefon orqali suhbatda Ukrainadagi vaziyatni muhokama qilgani haqida xabar bergan edik.
Ma’lumot uchun, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bir necha bor Putinni muzokara qilishga chorladi, ammo Kreml hamon bu borada sukut saqlayapti.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi
LiveBarchasi