Prokuror suddan “Baxti Tashkentskiy”ning o‘g‘illari va akasiga 10 yildan ortiq qamoq jazosi so‘radi
3-sahifa
−
11 iyul
8816Prokuror suddan “Baxti Tashkentskiy”ning o‘g‘illari va akasini 10 yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilishni so‘radi. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbasi xabar berdi.
Jinoyat olamida “Baxti Tashkentskiy” nomi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayev va uning sheriklari ekani aytilgan 36 nafar shaxsga doir ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudida 3 iyundan buyon ko‘rilmoqda. Tahririyatdagi ma’lumotlarga ko‘ra, shu kunlarda sud tergovni yakunlab, tomonlar muzokarasiga o‘tgan. Davlat ayblovchisi suddan barcha sudlanuvchilarga aybi tasdig‘ini topganiga qarab turli yillarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlashni so‘ragan. Sudlanuvchilar orasida Qudratullayevning 2 ta o‘g‘li va akasi ham bor.
“Baxti Tashkentskiy”ning o‘g‘li Bekzod Qudratullayevich Zafarov
Qudratullayevning to‘ng‘ich o‘g‘li Bekzod Qudratullayevich Zafarov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) 3-qismi “v” bandi, 168-moddasi (Firibgarlik) 4-qismi “v” bandi bilan ayblanib qo‘lga olingan edi. Davlat ayblovchisi suddan Bekzod Qudratullayevni 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilishni so‘ragan.
“Baxti Tashkentskiy”ning o‘g‘li Ixtiyor Qudratullayev
Qudratullayevning kenja o‘g‘li – 27 yashar Ixtiyor Qudratullayev Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) 3-qismi “a” va “v” bandi bilan ayblanayotgan edi. Davlat ayblovchisiga ko‘ra, Ixtiyor Qudratullayev 1 ta epizodda ayblangan va ayblov o‘z tasdig‘ini topgan.
“Ixtiyor Qudratullayev 165-modda (Tovlamachilik) 3-qismi “a” va “v” bandida aytilgan jinoyatlarni sodir etgani o‘z tasdig‘ini topdi. Uning sudlanmagani va boshqalarni hisobga olib, sodir etgan jinoyatini xavflilik darajasi va boshqa jinoyatlardagi ishtirokini inobatga olgan holda Jinoyat kodeksining 57-moddasi (Yengilroq jazo tayinlash) va 72-moddasi (Shartli hukm qilish)ni qo‘llamasdan 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilinishi va jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tashini so‘rayman”, deydi davlat ayblovchisi.
“Baxti Tashkentskiy”ning akasi Shuhrat Qudratullayev
Davlat ayblovchisi suddan qo‘lga olinganda tovlamachilikda ayblangan “Baxti Tashkentskiy”ning akasi Shuhrat Zafarovich Qudratullayevga 11 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlashni so‘radi.
Prokurorga ko‘ra, Shuhrat Qudratullayevga qo‘yilgan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik) o‘z tasdig‘ini topgan. Sudlanuvchi 2017 yilda shartli ozod etilgani va o‘talmay qolgan jazosi borligi inobatga olinib, uni Jinoyat kodeksining 34-moddasi (Retsidiv jinoyat)ga asosan o‘ta xavfli retsidivist deb topish va 11 yil ozodlikdan mahrum qilishni so‘ragan.
Eslatib o‘tamiz, davlat ayblovchisi Baxtiyor Qudratullayevga qo‘yilgan ayblovlar tasdig‘ini topgani, yengillashtiruvchi holatlar mavjud emasligini va boshqa barcha holatlarni inobatga olib, Jinoyat kodeksining 242-moddasi (Jinoiy uyushma tashkil etish), 165-moddasi (Tovlamachilik), 168-moddasi (Firibgarlik), 104-moddasi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish), 109-moddasi (Qasddan badanga yengil shikast yetkazish) va 276-moddasi (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar)sida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topib, Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida, ya’ni bir necha jinoyatlar sodir etganlik uchun uzil-kesil jazo tayinlash yo‘li bilan 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish, Jinoyat kodeksining 34-moddasini qo‘llab, “Baxti Tashkentskiy”ni o‘ta xavfli retsidivist deb topish va tayinlangan jazo muddatini maxsus tartibli koloniyada o‘tashini so‘ragan edi.
LiveBarchasi