Prokuror Netanyaxuni hibsga olish uchun suddan order so‘radi
Olam
−
20 may
11712Xalqaro jinoiy sud (XJS) prokurori Karim Xon Sudgacha bo‘lgan palatadan Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va mamlakat Mudofaa vaziri Yoav Galantni hibsga olishga order berishni so‘radi. Bu haqda Xon o‘z bayonotida ma’lum qildi.
Hujjatda qayd etilishicha, to‘plangan dalillarga asoslanib, prokurorlar ikkala vazir ham Falastin hududida (G‘azo sektori) kamida 2023 yil 7 oktyabrdan buyon sodir etilgan urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun javobgar, deb hisoblamoqda. Xususan, ular qasddan odam o‘ldirish, tinch aholiga qasddan hujum uyushtirish, shafqatsiz munosabatda bo‘lish, ochlikdan urush usuli sifatida foydalanish kabi vahshiyliklarda ayblanmoqda.
Prokurorning ta’kidlashicha, ko‘rib chiqilayotgan harbiy jinoyatlar “Isroil va Falastin o‘rtasidagi xalqaro qurolli mojaro, shuningdek, Isroil va HAMAS harakati (boshqa Falastin qurolli guruhlari bilan birga) o‘rtasida parallel ravishda sodir bo‘lgan xalqaro bo‘lmagan qurolli mojaro kontekstida sodir etilgan.
"Insoniyatga qarshi da’vo qilingan jinoyatlar davlat siyosatiga muvofiq falastinlik tinch aholiga qarshi keng ko‘lamli va tizimli hujumlarning bir qismi sifatida sodir etilgan. Bu jinoyatlar, bizning fikrimizcha, bugungi kungacha sodir etilmoqda ", deya qo‘shimcha qildi Xon.
Ayni vaqtda prokuror HAMASning uch nafar yetakchisini ham hibsga olish uchun order berishni talab qilgan. Bular HAMASning G‘azo sektoridagi yetakchisi Yahyo Sinvar, harakatning harbiy qanoti qo‘mondoni Muhammad al-Deyf va HAMAS siyosiy byurosi rahbari Ismoil Xoniyadir.
XJS prokurorlari 2021 yilda Falastin hududlarini tergov qilishni boshlagan. O‘shanda tekshiruvlar Isroil kuchlari, shuningdek, HAMAS va boshqa qurolli Falastin guruhlari tomonidan G‘azo sektorida sodir etilishi mumkin bo‘lgan harbiy jinoyatlar va insoniyatga qarshi jinoyatlar bilan bog‘liq ekani ta’kidlangan. Prokuror Karim Xon avvalroq 2023 yil 7 oktyabrda boshlangan Isroil-Falastin mojarosining avj olishi davrida sodir etilgan taxminiy jinoyatlar ham prokuratura vakolatiga kirishini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Isroil OAVlari Netanyaxu XJS uni, shuningdek, Isroil Mudofaa vaziri Yoav Galant va Bosh shtab boshlig‘i Gerzi Halevini hibsga olish uchun order berishidan qo‘rqayotgani haqida xabar qilgan edi. Isroil televideniyesining 12-kanalining Gaagadagi manbalari hibsga olish bo‘yicha order AQSH sanksiyasisiz amalga oshmasligini ta’kidladi. AQSH esa XJS tergovini qo‘llab-quvvatlamadi.