Prokuratura tizimidagi poraxo‘rlik butkul yo‘q bo‘ldimi? Bosh prokuror nega jamoatchilikka tahlillarni bermayapti?
Jamiyat
−
31 yanvar 2020
12104Xabaringiz bor, 2019 yilning 20 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori lavozimiga Senat raisi lavozimida ishlab kelayotgan Nig‘matilla Yo‘ldoshevni tayinlagan edi. Prezident Senatning 20-yalpi majlisida ishtirok etib, butun prokuratura tizimini poraxo‘rlikda ayblagandi.
Shavkat Mirziyoyev yangi Bosh prokurorga prokuratura tizimini isloh qilish uchun olti oy muhlat bergan edi. “Bunaqa ketishda bo‘lsa, prokuratura tizimini mutlaqo qisqartirib yuboraman, ko‘proq vakolatni Adliya tizimiga beraman. Nig‘matilla Yo‘ldoshev olti oydan keyin kelib, nimani o‘zgartirganini aytishini, tizimni tozalashini, yaxshi takliflar berishini kutaman”, degan edi davlat rahbari.
Oradan olti oymas, yetti oy vaqt o‘tdi. Xo‘sh, prokuratura organlarida nima o‘zgardi? Bu orada Senat raisi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan Svetlana Ortiqova ham Bosh prokurorga o‘rinbosar bo‘ldi. Senatdan ikki rahbar olib kelingani bilan prokuraturada nimadir o‘zgardimi? Agar o‘zgarish bo‘lgan bo‘lsa, nima uchun bu boradagi hisobot hamon taqdim etilmadi? Nega tizimdagi o‘zgarishlar haqida jamoatchilikka axborot berilmayapti? Nega prokuratura organlari ustidan jamoatchilik nazorati kuchaytirilmayapti?
Bugungacha O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori raisligida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika Idoralararo komissiyasining ikki yig‘ilishi o‘tkazildi. Ularda Sog‘liqni saqlash va oliy ta’lim tizimidagi korrupsion holatlar tahlil qilindi. Xo‘sh, prokuratura xodimlari bilan bog‘liq korrupsion jinoyatlar tafsilotlari qachon yoritiladi? Ular qachon tahlil qilinadi? Qachon jamoatchilikka yetkaziladi? Yo Prezidentning tanqididan keyin prokuratura tizimidagi korrupsiya butkul yo‘q bo‘lib ketdimi? Xo‘sh, bundan yetti oy avvalgi yig‘ilishda Prezident nima degan edi?
“Mana, ikkinchi prokuror ham korrupsiyada ayblanib, jinoyat ishi ochildi. Men unga ishongandim. Kimgadir ishonib, uni prokuror lavozimiga qo‘ysamu u ertaga borib viloyat, tumandan 100-50 ming pora so‘raydi. Prokuraturaning o‘zida prokuror bo‘ladigan odam yo‘q, ular to‘da bo‘lib ketgan. Prokurorlar ham, soliqchilar ham hammasi poraxo‘r. Sobiq rahbarlar Abdullayev ham, Murodov ham katta muddat bilan ozodlikdan mahrum etiladi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident Otabek Murodov haqidagi fikrlarini davom ettirarkan, ularning ish boshlamasidan poraxo‘rlikka berilishini tanqid qildi.
“Kimgadir amal beraman, u esa pora oladi, 20 xonalik uy quradi. Shu uyning bor-yo‘g‘i ikkita xonasida yashaydi. Nima kerak pora olib?”
Davlat rahbari joriy yilning 24 yanvar kuni Oliy Majlis palatalariga yo‘llagan murojaatnomasida mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashuvchi alohida organ tuzish taklifini berdi. Bu prokuraturaning bu boradagi faoliyati yaxshi baholanmaganidan dalolat berayotgandek, go‘yo. Savol o‘sha-o‘sha: Bosh prokuratura prokuratura tizimidagi korrupsiya haqida nega jim?
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr