Yo‘ldoshev ketmadi, ketkazilmadi. U haqida nimalar ma’lum?
Tahlil
−
21 iyun
34776Bugun, 21 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev lavozimga qayta tayinlandi. U 2019 yildan buyon O‘zbekiston Bosh prokurori hamda O‘zbekiston milliy kurash federatsiyasi prezidenti vazifasida ishlab kelayotgandi. O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, Bosh prokurorning vakolat muddati 5 yilni tashkil qiladi. Nig‘matilla Yo‘ldoshevning vakolat muddati tugaganligi sababli Bosh prokuror lavozimini ko‘rib chiqish masalasi Senatda muhokama qilinib, u lavozimga qayta tayinlandi. Xo‘sh, O‘zbekistonning 5 yildan buyon Bosh prokurori sifatida ishlab kelayotgan Nig‘matilla Yo‘ldoshev haqida nimalar ma’lum?
Bosh prokuraturagacha bo‘lgan yo‘l
Nig‘matilla To‘lqinovich Yo‘ldoshev 1962 yil 5 noyabr kuni Toshkentda tug‘ilgan. 23 yoshida Toshkent davlat universitetining yurisprudensiya fakultetini tamomlagan. 1987 yildan 2011 yilgacha prokuratura tizimida faoliyat yuritgan.
1987-1991 yillarda – Olmaliq prokuraturasi katta tergovchisi;
1991-1993 yillarda – Toshkent shahar Yunusobod tumani tergovchisi;
1993-1994 yillarda – Toshkent shahar prokuraturasi katta tergovchisi;
1994-1999 yillarda – O‘zbekiston Bosh prokuraturasida boshqarma boshlig‘i;
1999-2000 yillarda – Bosh prokuratura Tergov bosh boshqarmasi boshlig‘i;
2000-2003 yillarda – Bosh prokuratura Ichki xavfsizlikni ta’minlash inspeksiyasi boshlig‘i;
2003-2006 yillarda – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Davlat maslahatchisi xizmatining prokuratura idoralari faoliyati masalalari bo‘yicha yetakchi inspektori;
2006-2008 yillarda – O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti boshlig‘i;
2008-2011 yillarda – O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.
2011 yilda Adliya vaziri lavozimiga tayinlangan va 2015 yilgacha shu lavozimda faoliyat yuritgan. 2015 yil 22 yanvardan 2019 yil 20 iyungacha Bosh prokurorlikka tayinlanguncha Senatga raislik qilgan. 2019 yil 20 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan Bosh prokuror etib tayinlandi.
Shu o‘rinda eslatib o‘tish kerak, 2016 yil 2 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning vafotidan keyin Konstitutsiyaga ko‘ra, Oliy Majlis palatalarining qarori bilan O‘zbekiston Prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi. 8 sentyabr kuni Prezident vakolatlarini bajarish mas’uliyatini vaqtinchalik Bosh vazir Shavkat Mirziyoyevga topshirishini e’lon qildi.
Bosh prokuraturadagi faoliyati
Nig‘matilla Yo‘ldoshev Senat Raisi sifatida faoliyat yuritgan vaqtida jamoatchilik va ommaviy axborot vositalariga ochiqligi bilan esda qolgan edi. Bosh prokurorlik lavozimida ham axborot almashishda ochiqlik siyosatini davom ettirdi. Ammo sohadagi muammo va kamchiliklar hali to‘liq bartaraf etilmadi.
So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda prokuratura xodimlari pora bilan qo‘lga tushgani, noqonuniy xatti-harakatlar sodir etgani haqidagi xabarlarga tez-tez duch kelyapmiz.
Xususan, 2021 yilda Bosh prokuraturada boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari 29 ming AQSH dollari pora bilan qo‘lga tushgani, Kogon tuman prokurori 100 ming dollar pora bilan ushlangani ushbu organ faoliyati uchun sharmandali voqea bo‘ldi.
Undan tashqari, Bosh prokuror Yo‘ldoshevning aprel oyida Turkiyadagi dam olish maskanlaridan birida 2 nafar qidiruvdagi shaxs bilan gaplashib turgani haqidagi videotasvirlar tarqaldi. Keyinroq, Bosh prokuratura voqeaga rasmiy munosabat bildirib, videoda aks etgan insonlar qidiruvdagi shaxslar emasligini ma’lum qildi.
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi haqida
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi O‘zbekiston hududida Konstitutsiya va qonunlar ijrosini nazorat etuvchi organlar tizimi hisoblanadi. Mustaqil O‘zbekiston tarixida 6 nafar Bosh prokuror faoliyat yuritgan bo‘lib, ular quyidagi yillarda amal kursida o‘tirgan:
1992-1998 – Bo‘ritosh Mustafoyev;
1998-2000 – Usmon Xudoyqulov;
2000-2015 – Rashid Qodirov;
2015-2018 – Ixtiyor Abdullayev;
2018-2019 – Otabek Murodov;
2019 yildan – Nig‘matilla Yo‘ldoshev.
Sobiq bosh prokurorlarning 2 nafari hozirda qamoqda saqlanadi. Yana bir sobiq bosh prokuror Rashid Qodirov esa 2018 yilda Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybdor deb topilib, 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. 2022 yilda Qodirov shartli ravishda ozodlikka chiqarildi.
LiveBarchasi