23 yoshli qiz o‘z joniga qasd qildi: prokuratura tergovchisi hibsga olindi

Olam

image

Tojikistonda 23 yoshli Mehrona Noibovaning o‘limini tergov qilish doirasida Bosh prokuraturaning katta tergovchisi Firuz Saidzoda qo‘lga olindi. Bu haqda kecha, 22 iyul kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida respublika Bosh prokurori Habibullo Vohidzoda ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Saidzoda allaqachon prokuratura organlaridan bo‘shatilgan. Unga nisbatan Tojikiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 109-moddasi 1-qismi (O‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu modda sanksiyasida uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

Bosh prokuror, shuningdek, ikkinchi prokuratura xodimi – Davlat Arabzodaga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilmaganini ma’lum qilgan. Vohidzodaning aytishicha, Darvoz tumaniga safar chog‘ida u Saidzoda va Mehrona Noibovaga haydovchilik qilgan.

Bosh prokuraturada tergovning boshqa tafsilotlari ochiqlanmagan. Xususan, tergov aynan qaysi harakatlar ishni o‘z joniga qasd qilish darajasiga yetkazish moddasi bo‘yicha kvalifikatsiya qilishga asos bo‘lganiga aniqlik kiritmayapti.

Mehrona Noibovaning o‘limi haqida nimalar ma’lum?

Mehrona Noibova joriy yilning 4 aprel kuni Darvoz tumanidagi “Chorchaman” dam olish maskanida vafot etgan. O‘sha kuni Mehrona u yerda tanishlari, jumladan, prokuratura xodimlari Firuz Saidzoda va Davlat Arabzoda bilan birga dam olayotgan bo‘lgan. Mehronaning murdasi keyinroq Panj daryosi sohilidan topilgan.

Qizning o‘limidan so‘ng sodir bo‘lgan voqeaning rasmiy talqini sifatida o‘z joniga qasd qilish ko‘rsatilgan. Biroq uning qarindoshlari bu talqinga ishonmasliklarini va xolis tergov o‘tkazilishini talab qilib kelgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, Mehrona o‘limining tafsilotlari ko‘plab savollarni keltirib chiqarmoqda.

Bir necha oy davomida Noibovaning yaqinlari sodir bo‘lgan voqeaning barcha holatlarini aniqlashni va aybdorlarni javobgarlikka tortishni talab qilgan. Qiz halok bo‘lishidan oldin uning yonida bo‘lgan shaxslar orasida prokuratura xodimlari borligi sababli bu ish keng jamoatchilik e’tiborini tortgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing