Prokuratura etika qoidalaridan bexabarmi? Qo‘rqinchli videolardan muddao nima?
Jamiyat
−
16 yanvar 2020
17305Bugun, 16 yanvar kuni ertalab Toshkent shahar prokuraturasining Telegram kanalida faoliyatning foto-hisoboti ko‘rinishidagi slayd joylashtirildi. Unda Toshkent shahar prokuraturasi xodimlarining faoliyatidan lavhalar aks etgan. Suratlar orasida ikki dahshatli qotillik va uning qurbonlari aks etgan. Biroq, suratlarga izoh berilmagan.
Qotillik qurbonlaridan biri esa kuni kecha Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi ijarada yashab kelayotgani uyida o‘ldirib ketilgan dizayner Nariman Grigoryan deya taxmin qilinmoqda.
Lavhalarda bir guruh prokuratura xodimlari jinoyat sodir etilgan joyni ko‘zdan kechirish jarayoni tasvirlangan. Mazkur amaliyot mobaynida murdaning yuz ko‘zi yashirilmagan holatdagi suratlari ham aks ettirilgan. Bu o‘quvchining ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, shubhasiz.
Ma’lum vaqt o‘tar-o‘tmas, video ijtimoiy tarmoqdagi sahifalardan o‘chirilgan. O‘chirilish sababi noma’lum, biroq tezda ijtimoiy tarmoqlarda ko‘tarilgan keskin muhokamalar bunga sabab bo‘lgan degan ehtimol mavjud.
Biror fuqaroning surati yoki videosi daxlsiz. Bu qonun va qonunosti hujjatlar bilan mustahkamlar qo‘yilgan. O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 99-moddasiga asosan shaxsning tasvirga bo‘lgan huquqi ajralmas va daxlsizdir. Tasvirga bo‘lgan huquqi buzilgan deb hisoblagan shaxs Fuqarolik protsessual kodeksda belgilangan tartibda sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilishi mumkin. Xo‘sh, demak qotillik qurbonlari suratini internetda ommalashtirayotgan prokuratura organlari xodimlarining o‘zi qonunchilikdan bexabarmi?
Yaqindagina O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi milliy qonunchilikda fuqaroning tasvirga bo‘lgan huquqi daxlsizligi chegaralari aniq belgilanmagani va bu bo‘yicha aniq belgilovchi normani kiritish masalasi ko‘rib chiqilayotganini xabar qilgan edi.
Yuqoridagi holat, prokuratura organi xodimlarining xatti-harakatlari bo‘yicha biror javobgarlik nazarda tutiladimi yoki yo‘q bunisi bizga qorong‘u. Chunki bu turdagi ishlarni ko‘rib chiquvchi tashkilot ham prokuraturaning o‘zi.
Videodagi tasvirlar haddan ziyod ruhiy ta’sirga ega ekani bois uni havola etishni ma’qul ko‘rmadik.
LiveBarchasi