Toshkent shahrida sodir etilgan dahshatli qotillik aybdorlari jazolandi. Ularning biri 23 yoshli ayol

Jamiyat

Avvalroq, 7 may kuni Toshkent shahrida 31 yoshli oilali erkak vahshiylarcha o‘ldirilgani haqida xabar bergan edik. Ushbu jinoyat bo‘yicha jinoiy ish ochilib, aybdorlar tegishli jazo oldilar.

Voqea yuzasidan Toshkent shahar prokuraturasi maxsus video taqdim etdi. Unda dahshatli voqea qanday sodir bo‘lgani ayblanuvchilar tomonidan shaxsan so‘zlab berilganiga guvoh bo‘lamiz.

Joriy yilning 8 may kuni tong soat 05:30 larda Uchtepa tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi 102 xizmatiga fuqaro Fayzibekova Nigora 1989 yilda tug‘ilgan o‘g‘li Rahmatullayev Ravshan 7 may kuni soat 10:00 larda o‘z ishlari bilan uydan chiqib ketib hozirga qadar qaytib kelmaganini ma’lum qilgan. Aniqlanishicha, Ravshan Yunusobod tumanida yashovchi 1990 yilda tug‘ilgan Jamoliddin ismli fuqaro bilan avvaldan tanishligi, Jamoliddin Ravshandan 2020 yil yanvar oyida Spark rusumli avtomobilni oylik to‘lab berish sharti bilan olganligi, ikki oy mobaynida pullarni to‘lab bermagani uchun Ravshan avtomobilni qaytarib olgani tufayli Jamoliddinda Ravshanga nisbatan adovat paydo bo‘lgan.

Surishtiruvlar davomida, 7 may kuni 14:30 lar atrofida Ravshan ana o‘sha tanishi Jamoliddinning uyiga borganligi aniqlangan. Arifbayev Jamoliddin oldindan Maqsud va Sevara ismli jinoiy sheriklari bilan til biriktirib Rahmatullayev Ravshanni Yunusobod tumanidagi yashash manziliga olib kelish rejasini qilib, undan keyin Sevara ismli tanishi orqali Yunusoboddagi yashash manziliga olib kirishga erishgan.

Voqea haqida ayblanuvchilar ham ko‘rsatma berib o‘tdi.

“Menga (Jamoliddin) akam bor dedi. Adresimni bilmaydi, gaplashib olishim kerak, sen shu yerga olib kelasan dedi. Men uni uyga olib keldim. Mehmonxonga kirgandan so‘ng birdan ikkalasi (Jamoliddin va Maqsud) unga tashlanib qolishdi“, deydi ayblanuvchi Sevara.

Voqea davomini Maqsuddan eshiting:

“Men birinchi zarbani berdim. Yuz qismiga qo‘l bilan urdim. Arqonni olib kelib oyog‘ini va qo‘lini bog‘ladim. Shu bilan chiqib ketdim“, deydi Maqsud.

“Mendan maqsading nima deb so‘radi. Maqsad pul dedim. Shundan so‘ng, xotiniga telefon qilib 29 ming dollar bor, hozir Muzaffar degan akam boradi berib yuborasan dedi. So‘ng pulni oldim. Keyin u menga kerakli joylarga arz qilaman dedi. Men qo‘rqdim. Uni tirsagim bilan urdim. Qo‘limda “bita“ bor edi, unda urib tashladim yuziga. So‘ng boshini ko‘tarsam ko‘tarmayapti. Keyin o‘lib qolganini bildim. avval ko‘tara olmadim. Keyin tanasini maydalab ko‘mdim“, deydi Jamoliddin.

Bo‘lib o‘tgan voqealardan so‘ng ayblanuvchilar tegishli jazo olishdi. Xususan, Jamoliddinga Jinoyat kodeksining 97 moddasi 2 qismi va 164 moddasi 3 qismi, Maqsudga nisbatan 164 moddasi 3 qismi, shuningdek, 1997 yilda tug‘ilgan Sevaraga nisbatan 164 moddasi 3 qismi bilan ayb e’lon qilinib, ularga nisbatan qamoqqa olinish tarzida ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

 

Maqola muallifi

Teglar

Qotillik Toshkent shahar prokuraturasi Jinoyat va Jazo

Baholaganlar

1545

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing