Qotillik uchun 22 yilga qamalgan darvozabon katta futbolga qaytdi
Olam
−
20 fevral 2514 2 daqiqa
Model Elizi Samudioning shafqatsizlarcha o‘ldirilishida aybdor deb topilgan va 22 yilga ozodlikdan mahrum qilingan braziliyalik darvozabon Bruno Fernandes professional futbolga qaytmoqda. U Braziliyaning “Vasko da Gama” jamoasi bilan shartnoma imzoladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 41 yoshli darvozabonni “Velo Klube”ga qarshi Braziliya Kubogi o‘yini uchun tarkibga rasman kiritgan. 2019 yildan buyon yarim ochiq rejimdagi jazoni o‘tab kelayotgan futbolchi katta futbolga qaytdi.
Ma’lumot uchun, Bruno Fernandes 2010 yilda “Flamengo” sardori bo‘lgan paytda model Elizi Samudioning yo‘qolishidan so‘ng asosiy gumondor sifatida hibsga olingan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, mojaro otalik va aliment masalasi yuzasidan kelib chiqqan. Samudio futbolchidan homilador bo‘lganini aytib, farzandni tan olish va moddiy yordam ko‘rsatishni talab qilgan.
O‘sha davrda Brunoning “Milan”ga ehtimoliy transferi muhokama qilinayotgan bo‘lgan va sud jarayonlari uning obro‘siga hamda transfer istiqboliga ta’sir ko‘rsatgan.
Shuningdek, Samudio politsiyaga murojaat qilib, futbolchi qurol ishlatganini hamda uni abort qilishga majburlashga uringanini da’vo qilgani haqida ham xabarlar tarqalgan, biroq bu ma’lumotlar keyingi tergov jarayonida alohida epizod sifatida ko‘rib chiqilgan.
Tergovga ko‘ra, 2010 yil iyun oyida Bruno Samudioni aliment masalasini muhokama qilish bahonasida fermasiga taklif qilgan. U yerda u o‘g‘irlab ketilgan, qiynoqqa solingan va o‘ldirilgan. Keyinchalik jasad yo‘q qilingan.
2013 yilda sud Bruno Fernandesni aybdor deb topib, uni 22 yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilgan. So‘ngra jazo yarim ochiq rejimga o‘zgartirilgan, bu esa unga mashg‘ulot o‘tkazish va futbol faoliyatini tiklash imkonini bergan.
Live
Barchasi