“The New York Times” menejeri otib o‘ldirildi

Olam

−

image
AQSHning Kaliforniya shtatida “The New York Times” nashrining “Games” xizmati muhandislik direktori Jonatan MakKinsi otib o‘ldirildi. Qotillikda uning rafiqasining ota-onasi gumonlanib, qo‘lga olindi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.

Qayd etilishicha, 40 yoshli MakKinsi joriy yilning 26 sentyabr kuni San-Fransisko shahri sharqidagi Dublin shahrida joylashgan sport majmuasi avtoturargohida otib ketilgan. Hodisa vaqtida yaqin atrofda bo‘lgan politsiya serjanti uni yerda yotgan holatda ko‘rgan. Guvohlar esa politsiyaga voqea joyi yaqinida bo‘lgan er-xotinni ko‘rsatgan.

Politsiya 76 yoshli Shouyon Chjan va Shili Chenni qotillik hamda boshqa jinoyatlarda gumonlab hibsga olgan. Ular joriy yilning 30 sentyabr kuni sud qilinishi kutilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, qotillik MakKinsi va uning rafiqasi Kendis Jangning ajrashish ishi bo‘yicha navbatdagi sud majlisiga bir hafta qolganida sodir bo‘lgan. Er-xotin 2012 yilda turmush qurgan va uch nafar yosh farzandi bor.

Bildirilishicha, Jang 2023 yilda turmush o‘rtog‘i ustidan politsiyaga murojaat qilib, uni farzandlaridan birini turtib yuborish va bolalarga nisbatan qo‘pol jismoniy muomala qilishda ayblagan. 2025 yil oktyabr oyida esa MakKinsi bolaga nisbatan zo‘ravonlikda ayblanib hibsga olinganidan so‘ng, sud undan himoyalanish uchun vaqtinchalik order chiqargan.

MakKinsi ham bunga javoban rafiqasiga nisbatan himoya orderi berilishini so‘rab sudga murojaat qilgan va ajrashish uchun ariza bergan. Keyinchalik u uch nafar farzandi bilan ko‘proq vaqt o‘tkazish huquqini talab qilgan. Sud hujjatlarida uning o‘tgan yil kuzidan buyon haftasiga ikki soat nazorat ostida farzandlari bilan uchrashishiga ruxsat berilgani qayd etilgan.

MakKinsi 2023 yil yanvar oyida “The New York Times” nashriga ishga kirgan va NYT Games xizmatida muhandislik direktori lavozimida ishlagan. U San-Fransisko ko‘rfazi hududida yashagan. Hozircha qotillikning aniq sababi rasman ma’lum qilinmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Meksikaning Kulyakan shahrida TikTok blogeri Sesar Gastelum do‘stlari bilan jonli efir olib borayotgan vaqtda noma’lum qurolli shaxslar tomonidan otib o‘ldirilgani haqida xabar berilgan edi.

Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing