Prigojinning samolyoti halokatga uchragan joydan “qora qutilar” topildi
Olam
−
26 avgust 2023
12953Rossiya Tergov qo‘mitasi Yevgeniy Prigojinning samolyoti qulagan joydan registratorlarni topdi. Bu haqda MK xabar berdi.
Aytilishicha, ayni paytda Tver viloyatida ushbu joyni batafsil tekshirish davom etmoqda. Halokatning barcha holatlarini aniqlash uchun muhim bo‘lgan ashyolar va hujjatlar musodara qilingan.
Dastlabki tergov harakatlari davomida bu yerdan 10 kishining jasadi va parvozni qayd qiluvchi qurilmalar (qora qutilar) topilgan. Ularning shaxsini aniqlash uchun molekulyar-genetik ekspertiza tekshiruvi o‘tkazilmoqda.
Voqea sabablariga oydinlik kiritishi mumkin bo‘lgan “qora qutilar” holatiga aniqlik kiritilmagan.
“Kerakli sud-tibbiy ekspertizalari tayinlanadi”, deydi bu haqda Rossiya Tergov qo‘mitasi vakili Svetlana Petrenko.
Eslatib o‘tamiz, 23 avgust kuni Rossiyaning Tver viloyatida halokatga uchragan samolyot bortida “Vagner” rahbari Yevgeniy Prigojin va uning hammuassisi Dmitriy Utkin bo‘lgani, bortdagi barcha 10 yo‘lovchi halok bo‘lgani aytilgandi. 24 avgust kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin samolyot halokatida halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirgan va Prigojinni iste’dodli tadbirkor, biroq taqdiri og‘ir inson bo‘lgani va hayotida jiddiy xatolarga yo‘l qo‘yganini qayd etgandi. G‘arb davlatlari yetakchilari va rasmiylari esa mazkur halokat ortida Putin turganini istisno qilmasligini bildiryapti. Masalan, Yevrokomissiya “Vagner” rahbari Yevgeniy Prigojinning o‘limi haqidagi ma’lumotlarning ishonchliligiga shubha qilayotgan bo‘lsa, Polsha Bosh vaziri Mateush Moraveskiy endilikda “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi ustidan nazorat to‘g‘ridan-to‘g‘ri Putinga o‘tishini taxmin qilmoqda.
LiveBarchasi