Prigojinning dafn marosimi uning hayoti kabi maxfiylikda o‘tdi (fotoreportaj)

Olam

image

“Vagner” asoschisi Yevgeniy Prigojin so‘nggi yillarda qat’iy maxfiylikda yashadi va uning dafn marosimi ham uning hayoti kabi bo‘ldi.

Ilgari ko‘plab Rossiya qahramonlari harbiy sharaf bilan dafn etilgan Serafimov qabristonida o‘nlab jurnalistlar navbatchilik qilayotganda, Prigojinning dafn marosimi butunlay boshqa cherkov hovlisida – Poroxovda jimgina o‘tgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, uning otasi ham shu qabristonga dafn etilgan. Jurnalistlarning nima uchun dafn etilgan joy haqida avval xabar berilmagani haqidagi savoliga qarindoshlari shuni xohladi deya javob berilgan.

Prigojinning dafn marosimiga uning onasi bosh-qosh bo‘lgan. U o‘g‘lining qabriga Brodskiyning “Natyurmort” she’ridagi “O‘likmi yoki tirikmi?” iqtibosini qoldirgan.

Mahalliy aholining so‘zlariga ko‘ra, dafn marosimi shu qadar tinch o‘tganki, yaqin atrofdagi uylarning hech biri ularni payqamagan. Prigojin soat 16:00 da dafn etilgan, cherkov hovlisi esa soat 17:00 da yopilgan. 

“Agentlik” nashri qabriston xodimiga tayanib, dafn marosimida 20-30 kishi bo‘lganini, harbiy kiyimdagi odamlar yo‘qligini ma’lum qilgan.

Prigojinning o‘limi

Joriy yilning 23 avgust kuni Rossiyaning Tver viloyatida halokatga uchragan samolyot bortida “Vagner” rahbari Yevgeniy Prigojin va uning hammuassisi Dmitriy Utkin bo‘lgani, bortdagi barcha 10 yo‘lovchi halok bo‘lgani aytilgandi. 24 avgust kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin samolyot halokatida halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirgan va Prigojinni iste’dodli tadbirkor, biroq taqdiri og‘ir inson bo‘lgani va hayotida jiddiy xatolarga yo‘l qo‘yganini qayd etgandi. G‘arb davlatlari yetakchilari va rasmiylari esa mazkur halokat ortida Putin turganini istisno qilmasligini bildirgan. 

Masalan, Yevrokomissiya “Vagner” rahbari Yevgeniy Prigojinning o‘limi haqidagi ma’lumotlarning ishonchliligiga shubha qilayotgan bo‘lsa, Polsha Bosh vaziri Mateush Moravetskiy endilikda “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi ustidan nazorat to‘g‘ridan-to‘g‘ri Putinga o‘tishini taxmin qilmoqda.

27 avgust kuni Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojinni Tver viloyatidagi aviahalokatda halok bo‘lganini tasdiqladi.

Kecha, 29 avgust kuni Prigojinning dafn marosimi Sankt-Peterburg qabristonlaridan birida bo‘lib o‘tdi. Uning dafn marosimiga Rossiya rahbari Vladimir Putin bormadi.


Maqola muallifi

Teglar

dafn marosimi Vagner Evgeniy Prigojin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made