15 yashar qiz o‘z dafn marosimida tirildi (video)

Olam

−

image

Joriy yilning 10 oktyabr kuni Gvatemaladagi dafn marosimida hayratlanarli hodisa yuz berdi: 15 yoshli qiz o‘z dafn marosimida to‘satdan hushiga keldi. U otasining mashinasida hushini yo‘qotganidan so‘ng vafot etgan deb hisoblangan. Bu haqda “New York Post” xabar berdi.

Qayd etilishicha, qizning otasi qizini tibbiyot markaziga olib ketayotganida, u to‘satdan hushini yo‘qotgan. Erkak mashinani to‘xtatib, qizni hushiga keltirishga harakat qilgan, ammo uning tomiri urmagan va nafas olayotgani sezilmagan. Hayot belgilarini topmagach, u “qizim vafot etdi”, degan qarorga kelgan. Otaning so‘zlariga ko‘ra, shifokor o‘limni tasdiqlamagan va rasmiy o‘lim haqidagi guvohnoma berilmagan.

“Men u endi nafas olmayotganini ko‘rdim va bilaklarida tomir urishini sezmadim. Bu men uchun juda og‘ir vaziyat edi. U shifoxonaga yetib bora olmadi”, deydi qizning otasi.

O‘sha kuni oila dafn marosimiga tayyorgarlik ko‘rishni boshlagan. Ular tobut sotib olib, qizni unga yotqizgan. Vidolashuv marosimida motam tutayotganlar atrofga yig‘ilganda, qizning onasi qizining qimirlayotganini payqab qolgan.

“Men u tirik, u o‘lmagan deyishda davom etdim. Tobut tepasida yig‘layotganimda, motam derazasini ochdik va u qimirlayotgan edi, u uyg‘onib, to‘satdan o‘tirib oldi”, deydi onasi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan kadrlarda pushti rangli futbolka kiygan qizning tobutda o‘tirib olgani, qarindoshlari esa “Alliluyya!” deb hayqirayotganini ko‘rish mumkin. Marosimga yig‘ilgan mehmonlar qo‘rqib ketganiga qaramay, unga tobutdan chiqishga yordam bergan.

Keyinchalik qizning aytishicha, hushini yo‘qotishdan oldin ko‘kragida qattiq og‘riq his qilgan. Hozirda u uyda sog‘lig‘ini tiklamoqda. Uni shifoxonaga tibbiy ko‘rikka yuborish rejalashtirilgan. Ma’lum bo‘lishicha, bola sakkiz soatga yaqin hushsiz bo‘lgan. U klinik o‘limni boshdan kechirgan bo‘lishi istisno qilinmayapti.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoyda saraton va bosh miya trombozidan vafot etgan 70 yoshli ayol o‘limidan bir kuni keyin sovutkichli tobutda yotgan holda hushiga kelgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing