Xomanaiyning tobuti Iroqning Najaf shahriga olib borildi
Olam
−
09:50 2069 2 daqiqa
AQSH va Isroilning 28 fevral kuni amalga oshirgan hujumida halok bo‘lgan Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyning tobuti Erondagi dafn marosimlaridan so‘ng kecha, 7 iyul kuni Iroqning shialar uchun eng muqaddas qadamjolardan biri Najaf shahriga olib kelindi. Bu haqda Iroq davlat televideniyelari xabar berdi.

Ma’lum qiliniishicha, tobutni Najaf xalqaro aeroportida Iroq Bosh vaziri Ali al-Zaidiy va mamlakatning yuqori martabali rasmiylari kutib olgan. U yerda dafn marosimlari va ommaviy motam yurishi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Najaf shahri butun dunyo shialari uchun alohida ahamiyatga ega bo‘lib, u yerda Muhammad payg‘ambarning kuyovi Imom Ali dafn etilgan.
Qayd etilishicha, Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon ham marosimlarda ishtirok etish uchun Najafga yetib kelgan. Aeroportdagi rasmiy kutib olish marosimida Iroq siyosiy rahbarlari va shia diniy arboblari ishtirok etgan. Iroq hokimiyati Najafga mamlakatning turli hududlari hamda qo‘shni davlatlardan ko‘plab motam tutuvchilar kelishi munosabati bilan xavfsizlik choralarini kuchaytirgan.

Rejaga ko‘ra, tobut shahar bo‘ylab ommaviy motam yurishida olib o‘tiladi. Bugun, 8 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan ushbu tadbirga ko‘p sonli odamlar kelishi kutilmoqda. Marosimlar Iroqning Karbalo shahrida davom ettiriladi. Hafta oxiriga borib esa tobut yana Eronga qaytarilib, Mashhad shahrida dafn etilishi rejalashtirilgan.

O‘tgan hafta oxirida boshlangan Eron davlati tashkil etgan dafn marosimlari diniy xotira tadbiri bo‘lish bilan birga, qariyb qirq yil mamlakatni boshqargan rahbar vafotidan keyin Islom Respublikasida davlat boshqaruvi uzluksiz davom etayotganini namoyon etish maqsadini ham ko‘zlaydi.
Marosimlar avval Tehronda o‘tkazildi, shundan keyin tobut shialar diniy markazi hisoblangan Qum shahriga olib borildi va u yerdan Iroqqa yetkazildi.
Eslatib o‘tamiz, Eronning halok bo‘lgan oliy rahbari, Oyatulloh Ali Xomanaiyning uch o‘g‘li – Mustafo, Maysam va Mas’ud Xomanaiy 5 iyul kuni Tehronda o‘tkazilgan janoza marosimida otasi hamda u bilan birga halok bo‘lgan yana to‘rt nafar oila a’zosining tobutlari yonida janoza namozida ishtirok etgandi.
Live
Barchasi