Mujtabosiz o‘tayotgan motam: Yangi oliy rahnamo otasining janozasida qatnashmayapti (video)
Olam
−
06 iyul 8108 3 daqiqa
Eronning halok bo‘lgan oliy rahbari, oyatulloh Ali Xomanaiyning uch o‘g‘li – Mustafo, Maysam va Mas’ud Xomanaiy kecha, 5 iyul kuni Tehronda o‘tkazilgan janoza marosimida otasi hamda u bilan birga halok bo‘lgan yana to‘rt nafar oila a’zosining tobutlari yonida janoza namozida ishtirok etdi. Biroq Xomanaiydan keyin oliy rahbarlik lavozimini egallagan o‘g‘li Mujtabo Xomanaiy marosimda ko‘rinish bermadi. Bu haqda mahalliy telekanallar xabar bergan.
Davlat telekanallari tarqatgan lavhalarda Mustafo, Maysam va Mas’ud Xomanaiy Tehrondagi Imom Xumayniy nomidagi katta “Musalla” majmuasida qator qo‘yilgan tobutlar ortida duo qilayotgani aks etgan.
Ma’lum qilinishicha, o‘n minglab motam tutuvchilar, jumladan harbiylar, diniy talabalar hamda oddiy fuqarolar “Musalla” majmuasiga kelib, Xomanaiy va uning oilasi xotirasiga ehtirom bildirgan. Ular AQSH va Isroildan qasos olish haqidagi shiorlar tushirilgan bayroqlarni ko‘tarib chiqqan. Boshqalar esa Eronning birinchi oliy rahbari Ruhulloh Xumayniy nomi bilan atalgan majmuada jamoaviy duolar qilgan.
28 fevraldagi hujumda jarohat olgani aytilgan Mujtabo Xomanaiy shu paytgacha omma oldiga chiqmagan va uning yangi suratlari ham e’lon qilinmagan. “Reuters” agentligiga uning yaqin atrofidagi manbalarning aytishicha, Mujtabo Xomanaiyning yuzi shikastlangan va u bir yoki ikki oyog‘idan og‘ir jarohat olgan.
“Namoz boshlanguniga qadar atrofdagilarga Mujtabo Xomanaiyning o‘zi kelishiga umid qilayotganimni aytaverardim. Bu bizning yagona istagimiz edi”, degan “Tasnim” agentligi suhbatlashgan bir ayol motam ishtirokchisi.
Shuningdek, Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon va parlament spikeri Muhammad Bag‘ir G‘olibof ham tobutlar ortida janoza namozida ishtirok etgan. Mas’ud Xomanaiy ko‘z yoshlarini falastinliklar bilan hamjihatlik ramzi hisoblangan kufiya ro‘moli bilan artayotgani ko‘ringan.
Qayd etilishicha, markaziy Tehronga minglab odamlar oqib kelmoqda. Ularning ayrimlari yig‘lagan, boshqalari esa ko‘kragiga urib aza tutgan. Eron metropoliteni ma’lumotiga ko‘ra, 5 iyul kechasidan 6 iyul ertalabigacha 7 million yo‘lovchi tashilgan.
Eron davlat OAV xabar berishicha, ertaga, 7 iyul kuni Tehron markazida katta motam yurishi o‘tkaziladi. Shundan keyin Xomanaiyning jasadi Qum shahriga olib boriladi va 8 iyul kuni u yerda marosimlar davom etadi. Jasad maxsus transport vositasida quruqlik orqali tashiladi. Keyin u Iroqning Najaf va Karbalo shaharlaridagi shia ziyoratgohlariga olib boriladi. 10 iyul kuni esa Mashhad shahrida yana bir motam marosimi o‘tkazilib, Xomanaiy Imom Rizo maqbarasi yaqiniga dafn etiladi.
Ma’lumot o‘rnida, Ali Xomanaiy joriy yil 28 fevralda AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushni boshlagan ilk havo hujumi vaqtida bir nechta oila a’zosi bilan birga halok bo‘lgan. Bir necha hafta davom etgan mojaro ortidan tomonlar mustahkam bo‘lmagan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga erishgan bo‘lsa-da, urush mintaqada katta vayronagarchilik va ko‘plab qurbonlarga sabab bo‘ldi.
Kecha, 5 iyul kuni davlat rahbarlari va xorijiy mehmonlar uchun yopiq vidolashuv marosimi o‘tkazilganidan so‘ng, Xomanaiyning tobuti shisha qoplama ostida omma uchun namoyish etilgan. Uning qizi, kuyovi, kelini va 14 oylik nabirasining tobutlari ham yonma-yon qo‘yilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eronda mamlakatning sobiq oliy rahbari Ali Xomanaiyning bir necha kun davom etadigan dafn marosimi boshlangani xabar berilgan va jarayondan fotoreportaj taqdim etilgandi.
Live
Barchasi